Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi
18:00 / 2023-08-14

Kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek, betalafot o‘tkazish maqsadida bugun joylarda qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Mas’uliyatli mavsum oldidan bajarilayotgan ishlar bilan yaqindan va o‘z joyida tanishish maqsadida Oliy Majlis Senati a’zolari tomonidan mahalliy deputatlar bilan hamkorlikda hududlardagi haqiqiy holat o‘rganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Senatida doimiy ravishda faoliyat yurituvchi senator Mahmudjon Parpiyev xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Sayfiddin Husainov va tegishli mutasaddilardan iborat Ishchi guruhi Namangan viloyatida 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi. Ishchi guruhi Davlatobod tumani hududida joylashgan ko‘mir bazasida bo‘lib, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi. “Ko‘mirta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Namangan viloyati filiali iqtisodchisi Anvarjon Yo‘ldoshevning qayd etishicha, viloyatda xonadonlarga 243 ming tonna hamda ijtimoiy soha ob’ektlari uchun 140,4 ming tonna mahalliy va import ko‘mir mahsulotlariga ehtiyoj mavjud.  

Bugungi kunga qadar jami 27,6 ming tonna mahsulot zaxirasi yaratilgan. Bugungi kungacha esa jami 458 ta, ya’ni 441 ta bog‘cha, 17 ta tibbiyot maskanining lokal isitish tizimlari ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirildi. Odamlarni bugungi kunidan rozi qilishda hududlarning infratuzilmasini rivojlantirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.  

Namangan tumanidagi Xo‘jaqishloq mahallasida ham belgilangan dastur asosida aholining birinchi galdagi ehtiyoji bo‘lgan elektr quvvati yaxshilanmoqda. Xususan, aholi murojaatlaridan kelib chiqqan holda mahallaning “Turkiston” ko‘chasida 4,5 kilometr masofadagi tarmoq yangilanib, 120 ta tayanch ustuni o‘rnatilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, kelgusi yetti yilda mamlakatimizning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish tadbirlari loyihasining mazmun-mohiyati haqidagi tushuntirishlar aholi tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.  

– 66 yoshdaman. Huquqni muhofaza qilish idoralarida, shu jumladan yong‘in xavfsizligi xizmatida mehnat qilganman, – deydi mahalla faollaridan biri Mashrab Rahimov. – Mustaqillikning ilk yillarida aholiga ommaviy ravishda yer tarqatilgan, ular qatori biz bu hududga ko‘chib kelganmiz. Ochig‘ini aytsam, aholining yashash sharoiti, ko‘chalarning infratuzilmasi bilan hech kimning ishi bo‘lmay qoldi. Gohida, tuman rahbarlarida mablag‘ yo‘qligi pand berdi. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining oddiy qishloq odamlarining farovonligini o‘ylab qilayotgan g‘amxo‘rliklari natijasida bizning mahallamizga ham e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishchi guruh Xo‘jaqishloqdagi 20-sonli umumta’lim maktabining kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida qilinayotgan ishlarni ham ko‘zdan kechirdi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA