O’zLiDeP Buxoro shahar Kengashi deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda bir qator dolzarb masalalar muhokama etilib, galdagi vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumida barcha kommunal xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish, aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, aholi, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida elektr ta’minoti, jumladan, avariya holatlarida ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha mutasaddilarning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, shaharda hozirgi paytda 93 dona transformator punkti hamda 209,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mavjud bo‘lib, ulardada mukammal ta’mirlash ishlari to‘liq bajarilgan. Joriy ta’mirlash ishlari ham 342 dona transformator punkti hamda 295,2 kilometr 6/10-0.4 kVli elektr uzatish tarmoqlarida poyoniga yetkazilgan.
Korxona tasarrufida hozirgi paytda 14 ta nimstansiya mavjud bo‘lib, ularga mas’ul xodimlar biriktirilgan. Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida navbatchi xodimlar, ishonch telefoniga biriktirilgan muhandis texnik xodimlar tarkibi shakllantirilganligi ham o‘z amaliy natijasini beradi.

2025 yilda elektr qurilmalarini yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha ham bir qator ishlar bajarilgan. Iste’molchilarga quyosh panellari o‘rnatishga ham alohida e’tibor berilmoqda. 2025 yilda jami quvvati 3740 kVt bo‘lgan 111 ta quyosh panellari o‘rnatilgan. Xususan, ijtimoiy soha ob’ektlari, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi xonadonlari hamda ko‘p qavatli uylarda belgilangan rejaga asosan quyosh panellarini o‘rnatish doimiy e’tiborda.
“Hududgaz Buxoro” GTFning 2025 yildagi 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashni tayyorlash, iste’molchilarga uzluksiz va xavfsiz tabiiy gaz yetkazib berish to‘g‘risidagi buyruqqa asosan “Buxoroshahargaz” gaz ta’minot bo‘limi tomonidan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 390 kilometr yer osti gaz quvurlari holati burg‘ilash va chuqur qazish yo‘li orqali tekshirilib, bugungi kunda 442 kilometr yer osti gaz quvurlari holati burg‘ilash va chuqur qazish yo‘li orqali tekshirildi.

Yig‘ilishda 2025/2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida ko‘p qavatli uy-joy fondini saqlashda amalga oshirilgan ishlar ham yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahrida 56 mingdan ziyod xonadondan iborat bo‘lgan 1560 ta ko‘p kvartirali uylar mavjud bo‘lib, ularga 15 ta boshqaruvchi tashkilotlar hamda 5 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan texnik xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun jami 291 ta ko‘p kvartirali uy-joylarda boshqaruv servis kompaniyalarining 14 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Deputatlik guruhi yig‘ilishida shahar hokimi, xalq deputatlari shahar Kengashi deputati Q.Tursunov so‘zga chiqdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.