Namangan viloyatida ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari davom etmoqda. “Namangan suvta’minot” aksiyadorlik jamiyati hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan shahar va tumanlarda mavjud tarmoqlar yangilanmoqda, yangi quvurlar tortilib, suv inshootlarida profilaktik ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida 3 ming 150 metr polietilen quvur yotqizildi. Qolaversa, 110 metr chuqurlikdagi yangi quduqda burg‘ilash ishlari yakunlanib, maxsus quvurlar tushirildi hamda 120 xonadonga suv hisoblagichlar o‘rnatildi.

Davlatobod tumanining To‘raqo‘rg‘on ko‘chasida 3,2 kilometr yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortilayotgan bo‘lib, hozirga qadar 2 ming 200 metr qazilma chuqur tayyorlandi hamda 1 ming 770 metr quvur yotqizildi. Ish jarayoniga to‘rtta maxsus texnika va 18 nafar mutaxassis jalb etilgan. Pop tumanining Xalqobod shaharchasida esa kanalizatsiya tarmoqlarida ta’mirlash va tozalash ishlari amalga oshirildi.


Namangan shahridagi “Kurashxona” suv olish inshootida dvigatellarni profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, Davlatobod tumanidagi eski “Yelxon” suv inshootida ham ta’mirlash va texnik holatni yaxshilash ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.