Angren shahrida 2025-2026 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, shuningdek, tuman va shahar hokimlari, tegishli soha vakillari hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarda hududlarda mavsum davomida issiqlik ta’minoti tizimlarini ta’mirlash, gaz va elektr energiyasi uzluksizligini ta’minlash, ijtimoiy soha ob’ektlarida zarur zaxiralarni yaratish, transport vositalarining tayyorgarlik darajasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev mavsumiy ishlarni tashkil etishda eng muhim jihat, vaqtni boy bermaslik, har bir tumanda mas’ul rahbarlar faoliyatini aniq reja asosida yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Amalga oshirilayotgan ishlar kelgusida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, xonadonlarning qish mavsumini muammosiz o‘tkazish imkonini beradi. Shu tufayli bu jarayonlarga barcha birdek mas’uliyat bilan yondashishi kerakligi aytildi.
Tadbir davomida kommunal soha xizmatlarining omborlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida yaratilgan moddiy resurslar zaxirasi taqdimoti bilan tanishildi. Ijtimoiy soha tashkilotlari va boshqarmalar rahbarlarining mavsumga tayyorgarligi yuzasidan hisobotlari eshitildi. Xususan, joriy yilda issiqlik ta’minoti tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Hududlardagi mahallalar va xonadonlarga issiqlik uzatishni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan nazorat va o‘lchov vositalari o‘rnatildi, ularning ishlash holati nazoratga olindi.

Qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rildi, favqulodda xizmatlar shtabi tuzildi va ularning tezkor ishlashi ta’minlandi. Shuningdek, suv ta’minoti bo‘yicha harorat past bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylardagi quvurlar maxsus izolyatsiyalangan materiallar bilan qoplandi.
Ayrim qishloqlar va eski infrastrukturali mahallalarda suv quvurlari almashtirishni talab etmoqda. Ushbu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Mutaxassislarning qayd etishicha, kuz-qish mavsumidagi favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha to‘liq reja ishlab chiqildi. Texnik vositalar, muhandislik qurilmalari va qutqaruv xizmatlari zarur qo‘shimchalar bilan ta’minlandi.

Hududlarda favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qutqaruvchi guruhlar tashkil etildi. Aholiga favqulodda vaziyatlar vaqtida qanday harakat qilish, tez yordam xizmatlari bilan bog‘lanish yo‘llari haqida tushuntirishlar berilmoqda.
Bu kabi maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti boshqa hududlar ham bosqichma-bosqich o‘tkaziladigan bo‘ldi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni talafotsiz o‘tkazish bo‘yicha “Angren shahar tajribasi”ni ommalashtirish borasida so‘z yuritildi.
A. Musayev, O‘zA.