Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Andijon shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida mavjud muammolarni aniqlash, bartaraf etish, fuqarolarning taklif va murojaatlarini tinglash, ular tomonidan bildirilgan takliflar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish, muammolarni hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlashda viloyat hokimligi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, hududlarga mas’ul sifatida biriktirilgan vakillar, viloyat tashkilot va boshqarmalari rahbarlari boshchiligida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-19246]
Jumladan, Andijon shahrining Qoratut, Qo‘shariq, Binokor, Bunyodkor va Yashnobod mahallalarida mavsumga tayyorgarlik doirasida o‘rganishlar o‘tkazildi. Ayni kunlarda o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
– Har bir uy, har bir xonadon e’tibordan chetda qolmayapti, – deydi Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Botirjon Ashurov. – Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta’minotidagi muammolarni o‘rganish bilan birga, aholining favqulodda vaziyatlarga tayyor bo‘lishi, ayniqsa, yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bu boradagi nosozlik va kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijonda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari belgilangan reja asosida olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, mavsumni betalafot o‘tkazishdir.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari