Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuz-qish mavsumida telekommunikatsiya tarmoqlarining barqaror ishlashi ta’minlanadimi?
10:51 / 2023-10-11

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasiga yuklatilgan vazifalar va topshiriqlar doirasida 2023 yilning 9 oyi davomida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan 9 ming 574 ta nazorat tadbirlari tashkil etilgan, xususan 897 ta ob’ektlarda o‘rganish va 8 ming 677 ta monitoring tadbirlari o‘tkazilgan.

– Olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida aholining Inspeksiya “Ishonch telefoni”ga ishonchi ortib, yuqori turuvchi instansiyalarga, xususan Prezident virtual qabulxonasiga murojaatlar soni 43 foizga kamayishiga erishildi, – deydi Raqamli texnologiyalar sohasida nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Ermat Ashirbayev AOKAda o‘tkazilgan brifingda. – “Mahallabay” tizimi doirasida o‘tgan 9 oy mobaynida mahallalarda tashkil etilgan 131 ta sayyor qabullarda 454 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 383 tasi ijobiy yechim topgan.

Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida, vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlari orqali ko‘rsatilayotgan 200 dan ortiq elektron davlat xizmatlari va 600 dan ortiq qo‘shimcha elektron xizmatlarini ko‘rsatish holati monitoring qilingan. Natijada, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilayotgan 40 dan ortiq kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlangan. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi kamchiliklar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga kamaygan.

Bundan tashqari, ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan mahalla fuqarolar yig‘inlari, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi, sog‘liqni saqlash ob’ektlarining internet tarmog‘iga ulanishi holati monitoring qilingan. Bugungi kunda barcha ijtimoiy soha ob’ektlarida internet tarmog‘iga ulash imkoniyati yaratilgan. Turizm maskanlari, aeroport, temiryo‘l, avtovokzal va boshqa jamoat joylarida tashkil etilgan 3 ming 606 ta Wi-Fi hududlarida xizmatlar sifati holati o‘rganilgan hamda kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Aholiga ko‘rsatilayotgan mobil aloqa xizmatlari sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan radioxalaqitlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan 249 ta tadbirlarda aniqlangan 195 ta noqonuniy foydalanilayotgan qurilmalar faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Ta’kidlashicha, “O‘zkomnazorat” inspeksiyasida ish va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, nazorat va monitoring tizimini takomillashtirish maqsadida 3 ta axborot tizimi va 1 ta mobil ilova ishlab chiqilmoqda, yil yakuniga qadar ularni ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, kuz-qish mavsumida telekommunikatsiya tarmoqlarining barqaror ishlashi hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va uzluksizligi nazorat qilib boriladi. Aholi yashash maskanlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan qamrov darajasi 85 foizga hamda respublika bo‘ylab qurilgan optik tolali aloqa tarmog‘ining uzunligi 172 ming kilometrga yetkazilishi nazorati olib boriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA