“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali va uning shahar, tuman gaz idoralari tomonidan kuz-qish mavsumiga hozirlik davomida gaz quvurlarini estetik jihatdan tartibga keltirish va sohaga oid boshqa yumushlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, viloyat bo‘yicha 2233 dona gaz taqsimlash punkti texnik taftishdan o‘tkazildi. Rejaga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 6 dona gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlangan bo‘lsa, 6,9 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida gaz quvurlarining 1 kilometr qismida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
– Gaz ta’minotining uzviyligi va xavfsizligini ta’minlashda gaz quvurlarini bosim ostida zichlikka sinash va havo bosimi yordamida tozalash ishlarining sifatli hamda o‘z vaqtida bajarilishi ham muhim ahamiyatga ega, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Asqar Nabiyev. – Soha mas’ullari tomonidan hududdagi 95,4 kilometr gaz quvurlarida bosim ostida zichlikka sinash va havo bosimi yordamida tozalash ishlari bajarildi. Yer osti gaz quvurlarining 198,3 kilometr qismi pribor usuli bilan ham tekshirilib, isitish mavsumiga tayyor holga keltirildi. Shuningdek, 158,3 km uzunlikdagi gaz quvurlarida bo‘yoqlash ishlari bajarildi.
Albatta, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad iste’molchilarga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berishga qaratilgan.
Bugungi kunda Nurota tumanida 7677 ta tabiiy gaz iste’molchisi mavjud. Tumanda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida 140 dona gaz taqsimlash qurilmasi texnik taftishdan o‘tkazilib, 10,4 kilometr gaz quvurlari bosim ostida zichlikka sinaldi va havo bosimi yordamida tozalash ishlari bajarildi. 6,6 kilometr uzunlikdagi quvurlar pribor usuli bilan tekshirilib, 15 kilometr gaz quvurlari bo‘yoq qilindi.
– Kuz-qish mavsumida iste’molchilarga bir me’yorda tabiiy gaz yetkazib berish maqsadida 22 dona gaz quvurlarida kovlab, 35 dona gaz quvurlarida esa parmalab tekshirish ishlari bajarildi, – deydi “Nurotatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Shermat Ismatullayev. – Mavsumga tayyorgarlik jarayonida gaz taqsimlash punktlarini joriy ta’mirlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yilda 2 dona taqsimlash punktlari ta’mirlandi. Shuningdek, 31 dona taqsimlash punkti, 35 dona gaz yopqichlarida bo‘yoqlash ishlari bajarildi. 41 dona gaz quvurlari tirgaklarida esa almashtirish va tuzatish ishlari olib borildi.
Viloyatda mavsumga tayyorgarlik ishlari joriy yilning 1 oktyabriga qadar yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.