Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz yetkazish rejasi ishlab chiqildi
20:09 / 2022-06-22

Kuz-qish mavsumi kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi vakillari uchun sinovli palla hisoblanadi. Boisi, ehtiyojdan kelib chiqib, har qanday ob-havo sharoitida iste’molchilar talab va e’tiyoji qondirilishi kerak.

Bunday ulkan mas’uliyatni his qilgan gaz ta’minoti tizimi xodimlari mavsumga tayyorgarlik ishlarini boshlab yubogan.

bugungi kunda Navoiy viloyatidagi suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 100 ming nafardan ziyod. Ularga yil boshidan buyon qariyb 6557 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Iyun oyining ayni vaqtiga qadar esa iste’molchilar 710 tonna 620 kg yoqilg‘i mahsuloti bilan ta’minlandi.

Ta’minotda uzilishlar bo‘lmasligi uchun “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyat iste’molchilariga 2022-2023 yil kuz-qish mavsumi davrida hududlar kesimida suyultirilgan gaz yetkazib berish rejasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, iste’molchilarga 2022 yil to‘rtinchi choragi va 2023 yil birinchi choragi davomida 7254 tonna 600 kg suyultirilgan gaz yetkazish rejalashtirilgan. Mazkur fond har bir tuman va shahargaz gaz ta’minoti bo‘limlariga iste’molchi soni va ehtiyoji inobatga olingan holda ajratiladi va maishiy gaz ballonlar ham shunga ko‘ra shakllantiriladi.

– Navoiyda suyultirilgan gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan 24 ta olis hudud bor, – deydi filialning suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha mas’ul xodimi Ulug‘bek Nurimov. – Bular asosan, Uchquduq, Tomdi, Nurota va Konimex tumanlari ovullariga to‘g‘ri keladi. Yog‘ingarchilik kunlarida bu hududlarning yo‘llarida harakatlanish biroz murakkablashadi. Shu bois, tayyorgarlik hozirdan boshlangan. Transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, xavfsizligi ta’minlanmoqda. Maishiy ballonlarning yaroqliligi doimiy nazoratga olingan.

Tizim xodimlari tomonidan doimiy ravishda iste’molchilarga suyultirilgan gaz xaridi faqat ID-karta orqali amalga oshirilishi, uni o‘z vaqtida yetarli mablag‘ bilan to‘ldirish, yetkazib berilayotgan gaz balonni nazorat tarozilarida o‘lchab olish, eng muhimi, xavfsizlik qoidalariga amal qilish zarurligi borasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA