AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqarma boshlig‘i Firuza Turg‘unovaning ma’lum qilishicha, 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumining o‘tgan davrida mamlakatimizdagi issiqlik elektr stansiyalari va markazlari aholi hamda iqtisodiyotning o‘sib borayotgan talabini qondirish maqsadida o‘zishlarini rejaga muvofiq tashkil etgan.
Qayd etilishicha, 2024 yilning oktyabridan buyon issiqlik elektr stansiyalari 20,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi va 6,3 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarib, tarmoqqa uzatdi. Shuningdek, 53 ta qurilmada rejali ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi.
Elektr stansiyalarida 11 ta energiya uskunasida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Xususan, “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 10 ta issiqlik markazidagi 60 ta qozon agregatidan 15 tasi mukammal, 45 tasi joriy ta’mirlandi. Barcha ishlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun 791,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Bu kabi ta’mirlash ishlari natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 291 MVtga, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish samaradorligi esa 235 tonna/soatga oshirildi.
Energetika barqarorligini ta’minlash maqsadida 2024 yil noyabr oyida “Energetika xavfsizligi oyligi” va 15 noyabrdan 15 dekabrgacha “Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ko‘rik oyligi” tashkil etildi. Ushbu tadbirlar davomida 94 ta kuch transformatori, 176 ta kabel inshooti, 137 ta yoqilg‘i saqlash joyi, 495 ta yong‘in o‘chirish uskunasi va 4 094 ta o‘t o‘chirgich tekshirilib, zarur texnik xizmat ko‘rsatildi.
Elektr stansiyalarida 42 marotaba o‘t o‘chirish mashg‘uloti tashkil etildi va ularda 2 483 nafar mutaxassis ishtirok etdi. Shuningdek, xavfsizlik talablariga rioya qilinishi nazorat qilinib, 3241 marta tekshiruv o‘tkazildi.
Firuza Turg‘unova ta’kidlaganidek, ayni paytda mavsumni barqaror va samarali tashkil etish bo‘yicha ishlar davom ettirilyapti. Elektr stansiyalarida 24 soat ishlaydigan shtablar va malakali mutaxassislardan iborat tezkor brigadalar faoliyat yuritmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA