Buxoro viloyatida Xitoyning yetakchi kompaniyasi bilan kelishuv asosida yangi loyiha bo‘yicha “Vobkent-110/35/10” podstansiyasining quvvatini oshirish uchun 2 dona 40 ming kilovatt soat kuchlanishli elektr transformatorlari olib kelindi.
–Buxorodagi to‘rtta yirik quvvatga ega podstansiyalarda zamonaviy transformatorlarni o‘rnatdik, – deydi xitoylik muhandis Liu Vang. – Bu yangi texnikalar energiyani bir necha barobarga tejaydi va oldingisiga nisbatan xavfsiz hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, umumiy qiymati 19 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan bu yuqori kuchlanishli elektr transformatorlarining ishga tushirilishi Vobkent tumani hamda unga yondosh hududlardagi 30 mingga yaqin iste’molchining elektr energiyasi ta’minotini yanada yaxshilash imkonini beradi. Yangisiga almashtirilayotgan aksariyat uskunalar bundan 60-70 yil muqaddam o‘rnatilgan va ular bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermaydi.
“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” aksionerlik jamiyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, viloyat aholisi hamda ishlab chiqarish korxonalarini barqaror va mustahkam elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, qo‘shimcha zaxira quvvatlarini yaratish maqsadida xuddi shunday loyiha yana 3 ta yuqori quvvatli podstansiyalarda amalga oshiriladi.
– Bu transformator 1968 yilda ishga tushirilgan, – deydi Vobkent tumani elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Jasur To‘rayev. –Hozirgi zamonaviy transformatorlarning afzalligi juda ham katta. Kuz-qish mavsumida barqaror elektr energiyani yetkazib beradi. 30 ming nafardan ortiq xalqqa bevosita uzluksiz sifatli elektr energiyani yetkazib berishda yordam beradi. Yana qo‘shimcha zaxira manbalari yaratiladi. Bu podstansiyadan bevosita G‘ijduvon, Shofirkon tumanlari aholisining bir qismi elektr energiya bilan ta’minlanadi.
Hozirga qadar viloyatga 5 dona 40 ming kilovatt soatga teng, 2 dona 63 ming kilovatt soatga teng kuchlanishli elektr transformatorlari olib kelindi. Quvvatning 2 barobarga oshirilishini inobatga oladigan bo‘lsak kuz-qish mavsumida aholini uzluksiz elektr ta’minoti bilan ta’minlash imkoniyati yanada kengayadi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri