Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifing “Joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va energiya tejamkorlik yo‘nalishidagi ishlar” mavzusiga bag‘ishlandi.
Unda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev mazkur tashkilot tomonidan aynan ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar va natijalar haqida ma’lumot berdi.
Aytib o‘tilganidek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga puxta taraddud ko‘rildi. Ayni kunga qadar rejaga asosan 29,6 ming kilometr tarmoq, 10,2 mingta transformator mukammal ta’mirlangan bo‘lsa, 6 ming 554 kilometr tarmoq hamda 1 ming 925 ta transformator yangilangan.
Shu bilan birga, joylarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy hodisalarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr uskuna va materiallar zaxirasi yaratildi. 1 ming 280 ta transformator, 542 tonna transformator moyi, 3 ming 200 dona temir-tayanch beton ustun, 124 tonna sim hamda 400 km. kabel va boshqa materiallar shular jumlasidandir.
Ayni chog‘da tashkilotning Markaziy shtab hamda hududlarida viloyat, shahar va tuman shtablari tashkil etildi va tizim 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi. Hududlarda 6 ming 300 dan ortiq xodimdan iborat 1 ming 429 ta tunu kun faoliyat yuritadigan avariyaviy brigada navbatchiligi tashkil etilib, 1 ming 340 ta maxsus avto va texnikalar biriktirilgan.
–Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan yaqindan tanishdi. Mazkur yig‘ilishda davlatimiz rahbari joriy yil iste’molchilarga barqaror elektr energiyasi yetkazib berish borasida olib borilgan ishlar tanishgan holda soha mas’ullariga qo‘shimcha vazifalar berdi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda. Rejaga asosan ta’mirlash ishlari bajarildi, uskunalar yangilandi va zaxiralar yaratildi. Shu bilan birga, joriy yilning yakuniga qadar yana 1 ming kilometr tarmoq, 320 ta transformatorda yakunlash ishlari amalga oshiriladi. Jamiyat tomonidan elektr energiyasi yetkazib berishda yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borildi. Xususan, olib borilgan amaliy ishlar natijasida joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida texnik yo‘qotishlarni 757 million kilovatt soat kamaytirishga erishildi, – dedi Faxriddin Nuraliyev.
Shuningdek, brifingda Toshkent shahri iste’molchilarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash tadbirlariga ham alohida urg‘u berildi. Unga ko‘ra, poytaxtimizda 410 dan ortiq xodimdan iborat 78 ta tunu kun faoliyat yuritadigan avariyaviy brigadalar navbatchiligi tashkil etilgan. Ularga 71 ta maxsus avto va texnikalar biriktirilgan. Bugungi kunda 857,3 kilometr tarmoq hamda 722 dona transformator mukammal ta’mirlangan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan joriy yil kuz-qish mavsumiga iste’molchilarga elektr energiyasini barqaror yetkazib berish borasida barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Elektr tarmoqlarida yuzaga kelayotgan nosozliklar hamda mavjud muammolar yuzasidan jamiyatning 1154 qisqa raqamli call-markaziga hamda 71 kodi bilan 207-23-76 raqamli ishonch telefoniga murojaatlarni qoldirish so‘raladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA