Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlanadi
11:04 / 2022-10-27

Kuz-qish mavsumini betalofot o‘tkazish “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxonalar uchun katta mas’uliyat yuklaydi.

Shu sababli, jamiyat boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan tizim tashkilot va korxonalar faoliyati o‘rganilib,  mavjud holatlar yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi qattiq nazorat ostiga olindi. 

Xo‘sh, kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash  borasida qanday choralar ko‘rildi? 

Ushbu savolga javob olish maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Siyovush Hoshimovga yuzlandik. 

– Ta’kidlash kerakki, mavsumga puxta taraddud ko‘rish chora-tadbirlari ijrosi jamiyatimiz boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan muntazam tahlil qilinib, zarur topshiriq va ko‘rsatmalar berib borildi, –dedi S. Hoshimov. – Bu esa har bir ishning pishiq va puxta bajarilishiga zamin yaratildi.   

Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlanadi. Buning uchun  “O‘zbekneftgaz” AJ va tizimdagi korxonalar tomonidan 2022-2023 yil kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish yo‘nalishida bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan bo‘lib, 24/7 rejimda navbatchilik tashkil qilinib, barcha ishlar nazoratga olingan. 

Jamiyatga qarashli gazni qayta ishlash zavodlarida 10 ta tabiiy gaz tarkibidan propan-butan aralashmalari ajratib olish bilan suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari mavjud. Qurilmalar Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda Gazli gazni qayta ishlash zavodlarida joylashgan. Kuz-qish mavsumida ishlab chiqarish ob’ektlarini betalofat va barqaror ishlatish uchun siquv kompressor stansiyalarida 13 dona gazturbinali dvigatellarni ta’mirlash va 73 ta reglament ishlari bajarildi. 223 ta gazni tayyorlash va qayta ishlash texnologik qurilmalarda rejali kapital, o‘rta va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.   

Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlash maqsadida Muborak gazni qayta ishlash zavodidagi 2022 yilning o‘tgan davrida siquv kompressor stansiyasining 2 dona NK-16-18STD rusumli gazoturbinali dvigatellari “KMPO” AJda (Rossiya) kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Qurilmalardagi mavjud turbodetander agregatlarini barqaror ishlatish uchun “Maxsusenergogaz” AJ va Ukrainaning “Turbogaz” kompaniyasi mutaxassislarini jalb qilgan holda texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlari bajarildi. 

 Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida propan-butan aralashmasi olish qurilmasi 1-navbatidagi texnologik uskunalarni texnik diagnostikadan o‘tkazildi. “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida reja ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlash va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish maqsadida bir qator tadbirlar belgilab olingan bo‘lib, ularga ko‘ra Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida loyiha asosida ishga tushirilgan 47 kilometr uzunlikdagi gaz quvurini to‘liq quvvatlar bilan ishlatish va boshqarmada suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni 40-50 tonnaga oshirishga erishildi.   

Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga uzluksiz suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun “Hududgazta’minot” AJ bilan birgalikda filiallariga suyultirilgan gazni yuklab berish ishlari tashkil etilib, doimiy nazorat ostiga olingan. Respublika iste’molchilarini kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 23 sentyabrdagi 522-son qaroriga muvofiq,  “Hududgazta’minot” AJga 2022 yil oktyabr – 2023 yil mart oylarida 314,4 ming tonna, har oyda 52,4 ming tonnadan yetkazib berish jadvallari ishlab chiqildi.

bugungi kunga qadar “O‘zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalari tomonidan joriy yil 25 oktyabr holatiga 553,0 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi (rejaga nisbatan 104,4 foiz) va 494,4 ming tonna suyultirilgan gaz mahsuloti “Hududgazta’minot” AJ orqali aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari uchun yetkazib berildi (rejaga nisbatan 100,0 foiz). 2022 yil yakuni bilan 670 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, shundan aholi va ijtimoiy ob’ektlarga 616,4 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Mavsumda jami 328,2 ming tonna, shundan 2022 yilning oktyabr-dekabr oylarida 156,9 ming tonna va 2023 yil yanvar-mart oylarida 171,3 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.   

Muxtasar aytganda, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash muhim vazifalardan hisoblanadi. Aynan shu mas’uliyatni bajarish maqsadida   “O‘zbekneftgaz” AJ va tizimdagi barcha boshqarma, korxona va zavodlar, neft bazalari 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyor holatga keltirilganini alohida ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. 

 

O‘zA muxbiri

 Nasiba ZIYODULLAEVA 

 yozib oldi.