Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh Buxoro viloyati Vobkent tumanida joylashgan “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi “Vobkent gaz to‘ldirish shoxobchasi”da bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida, shoxobcha 40 tonna suyultirilgan gazni saqlash quvvatiga ega bo‘lsada, aholiga to‘ldirilgan gaz ballonlarini kechiktirib yetkazib berilayotganligi aniqlandi. Suyultirilgan gazga bo‘lgan aholining talabini o‘z vaqtida ta’minlash, ya’ni, gaz balonlarini 30-35 kungacha yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha mutasaddi idoralar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Ishchi guruhi hamda Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan viloyatdagi aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr, tabiiy gaz va ichimlik suvini yetkazib berish holatining kuz-qish mavsumiga shayligi, energotejamkorlikni ta’minlash ishlari bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda.
Jumladan, Romitan tumanida joylashgan “Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasidagi “Muhammad Temur Aslon” MCHJga qarashli issiqxona xo‘jaligining kuz-qish mavsumiga tayyorligi o‘rganildi. Mutasaddilarga aniqlangan kamchiliklarni tez fursatlarda bartaraf etib, issiqxonani qish mavsumiga shayligini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Ta’kidlash joizki, “Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasida 155 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 300 gektarga yaqin yer maydonida issiqxona xo‘jaliklari barpo etilgan.
Ushbu tadbirkorlarning muammolari ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi. Ta’minotchi korxonalar hamda mas’ullarga energiya resurslarini yetkazib berishda byurokratik to‘siqlarni oldini olish, 2024-2025 yillarda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 70 foizni eksportga yo‘naltirish, to‘la quvvatda faoliyat yuritmayotgan issiqxona xo‘jaliklarini nazoratga olish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, mutasaddi idoralar rahbarlariga issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy holatini yaxshilash uchun issiqxonalarni qurishga ajratilgan xorijiy kredit mablag‘lar foiz stavkalarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish choralarini ko‘rish, ajratilgan kredit mablag‘larini qaytarishda qiynalgan tadbirkorlarga kredit muddatlarini uzaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.