Milliy matbuot markazida “Yoqilg‘i-energetika sohasida amaliy ishlar, erishilgan natijalar va mavsumiy vazifalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, mamlakat energetika tizimi kuz-qish mavsumi munosabati bilan kuchaytirilgan 24/7 ish tartibiga o‘tgan. Elektr ta’minoti bo‘yicha 1154 va gaz ta’minoti bo‘yicha 1104 raqamli call-markazlar tunu kun faoliyat yuritmoqda.
Elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Joriy yil davomida 7 ming 455 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 1 ming 748 ta transformator punktlari yangilandi. Bu 954 ta mahallada 800 mingdan ortiq xonadonni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini berdi.
Quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga "yashil energiya" hajmi ortib bormoqda. Umumiy quvvat 4 ming 682 megavattga yetdi, ishlab chiqarish hajmi esa 14,5 milliard kilovatt soatdan oshdi. Bu respublikada yalpi elektr ishlab chiqarishning 23 foizini tashkil etadi.
Gaz ta’minoti sohasida 553 kilometrdan ziyod gaz tarmoqlari, 971 ta gaz taqsimlash punktlari yangilandi, 512,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Sohada shaffoflikni ta’minlash maqsadida Face-ID va UGas raqamli tizimlari joriy etildi. Ko‘mir ta’minoti ham mavsum uchun tayyor. 12 million tonna ko‘mir yetkazib berilishi rejalashtirilgan, shundan 4,2 million tonnasi issiqlik elektr stansiyalariga, 685 ming tonnasi byudjet tashkilotlariga yetkazildi.
Tadbir yakunida mas’ullar qayd etganidek, mavsum davomida aholini barqaror energiya bilan ta’minlash uchun barcha resurslar safarbar etilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/o9kCohnQwTU" title="Kuz-qish mavsumi: Energetika tizimi 24/7 ish tartibiga o‘tdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video+montaj), O‘zA