Ayni kunlarda mamlakatimiz aholisini erta ko‘klamda oziqovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, bozorlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlash uchun agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan, jumladan, sabzi, piyoz, lavlagi, ko‘katlardan – kashnich, petrushka, selderey, salat kabilarni to‘qsonbosti muddatida ekib, yetishtirish muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumki, mirishkor dehqonlarimiz kech kuzgi ekin ekish muddatini “to‘qsonbosti” ekin deb atab kelgan, chunki bu ekinning urug‘i yerga sepilgandan so‘ng qishning to‘qson kunlik sovuqli kunlari bosti degan ma’noni anglatgan.
To‘qsonbosti uchun kuzda asosiy ekinlardan bo‘shagan maydonlarni sifatli haydab, sovuqqa chidamli ekinlarni ekish zarur. Chunki erta bahorda yog‘ingarchilik hisobiga yerning yetilishi, ayniqsa, o‘tloqi yerlarda qiyin bo‘lib, ertagi ekinlarni ekish muddatlari cho‘zilib ketishi mumkin. Shuningdek, to‘qsonbosti usulida ekilgan sabzavot urug‘lari ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga hosil erta yetiladi.
Respublikamizning ob-havo va tuproq sharoitiga qarab har bir viloyat uchun rayonlashtirilgan, mo‘l hosilli, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, zararkunanda va kasalliklarga chidamli, to‘qsonbosti ekish muddati uchun mos navlarni to‘g‘ri tanlash lozim, –dedi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kotibi Faxriddin Rasulov.–Maydonlarni ekin ekishga tayyorlashda dastlab yerdagi o‘simlik qoldiqlarini setkali yoki zig-zag boronalar yordamida maydon tashqarisiga chiqarib tashlash, so‘ng maydonlarning notekis qismlari bo‘lsa, maxsus moslamalar yordamida tekislash lozim.
Tekislangan maydonlarga ekin turi uchun tavsiya qilingan fosfor hamda kaliy o‘g‘itlari me’yorining 70 foiz miqdorida va har bir gektar maydon uchun 20–25 tonna mahalliy o‘g‘itlarni o‘g‘it sepish moslamalari yordamida sepib chiqib, bu maydonlarni 28–30 sm chuqurlikda haydash zarur. Agar maydon (kuchsiz) sho‘rlangan yoki yovvoyi o‘tlar ko‘p bo‘lsa 35–38 sm chuqurlikda haydash, keyinchalik chizel va mola qilinib, ekish usuliga qarab kultivatorlar yordamida 70 sm yoki 90 sm oraliqda sug‘orish egatlari olish kerak.
To‘qsonbosti usulida ekish sovuqqa chidamli sabzavotlardan erta ko‘klamda arzon va mo‘l sabzavotlarni yetishtirish imkonini yaratish barobarida, kundalik oziq-ovqat mahsulotlari tanqis "ilik uzildi" paytida vitaminli mahsulotlar bilan ichki bozor ehtiyojini qoplaydi, eksport imkoniyatlarini kengaytirib dehqonlarni boyitadi. To‘qsonbosti qilib sepiladigan sabzavot urug‘lar sarfi 20 foiz ko‘proq bo‘lishi kerak.
Urug‘ ekilgan egatlar ustidan chirigan mahalliy o‘g‘itlar, daraxt qipiqlari bilan mulchalash yoki shaffof polietilen plyonkalarini yopish sabzavot urug‘larini erta ko‘klamda barvaqt unib chiqib, jadal o‘sib-rivojlanishini ta’minlaydi. Shunda erta bahorda ekishga qaraganda hosil yetilishi 30–40 kungacha erta, hosildorligi esa 15–20 foiz ko‘p bo‘ladi.
Bu muddatda sepilgan sabzavot urug‘lari qishi bilan unmaydi, qishki yog‘ingarchiliklarda tuproqdagi namlikka to‘yinadi va havo harorati 4–5 oS bo‘lganda, ko‘klamda barvaqt begona o‘t urug‘laridan oldin yer namiga unib chiqa boshlaydi.
Harorat 18–20 oS bo‘lganda to‘liq unadi, kuzgi sabzi, piyoz va lavlagining barglari ko‘klamda ekilganiga qaraganda 1,5–2,0 baravar katta bo‘lib, hosil 25–30 kun oldin yetiladi hamda hosildorligi gektaridan 14–15 foizgacha yuqori bo‘ladi. Ushbu ekinlarning gulpoya chiqarmaydigan (erkaklab ketmaydigan) navlarini ekishga e’tibor berish talab etiladi.
Respublikamizning markaziy qismida joylashgan viloyatlardagi sabzavotchilik xo‘jaliklarida sabzavot urug‘ini to‘qsonbosti usulida ekish tadbirini noyabrni ikkinchi o‘n kunligidan dekabrni birinchi o‘n kunligi oxirlarigacha, janubiy viloyatlarda esa 20 dekabrgacha ekish tavsiya etiladi.
Piyozning mahalliy Zafar, Istiqbol, chet elning Manas, Daytona, Leone, Banko, Rodar nav va duragaylarini ekish tavsiya etiladi.
Piyoz urug‘i gektariga 20 kilogramgacha sarflanadi. Urug‘i SKON-4,2, SMM-4 rusumli seyalka bilan yerning nishabiga qarab qator oralarini 70-90 sm. dan olib, to‘rt qatorli usulda yoki qo‘lda sochib ekiladi. Shunda urug‘lar yerga 1,5 – 2,0 sm chuqurlikka ko‘miladi.
Osh lavlagining mahalliy Diyor, Yagona va chet el navlaridan duragaylari tavsiya etiladi. Urug‘ sarfi 16–18 kg. Ekish egatlari 70, 90 sm bo‘lib, 2–3 qatorli, o‘simlik oralari 8–10 sm, 2–3 sm chuqurlikka urug‘lar ekiladi.
Salat bir yillik o‘simlik bo‘lib, yirik barglardan iborat past tupbarg yoki salat boshi hosil qiladi. Umuman salatning 4 xil turi bor. Ularga bargli salat (o‘suv davri 30–40 kun); poyali yulma salat (bo‘yi 40–80 sm); bosh o‘raydigan salat (o‘suv davri 40–100 kun); Romen salat (o‘suv davri 70–100 kun) ining tupbargi yirik, tik o‘sadi.
Ismaloq urug‘i 3 oS haroratda ko‘karib chiqadi. Yosh o‘simliklari 6–8 oS gacha sovuqqa bardosh beradi. Haroratning yuqori bo‘lishi va havo namligini pasayib ketishi o‘simlikka salbiy ta’sir qiladi, oqibatda barglari mayda bo‘lib qoladi. Ismaloq hosili nihollar paydo bo‘lganidan 25–40 kundan so‘ng yig‘ib olinadi. Urug‘i 90–100 kunda pishib yetiladi.
Ismaloqni faqat bitta Nafis navi Davlat reyestriga kiritilgan. Urug‘i noyabr-dekabrda ochiq dalaga qo‘sh qatorlab, lentalar orasi 50–60 sm va qatorlar orasini–15–20 sm. dan qilib ekiladi. Har gektar yerga 15–20 kg urug‘, 2–3 sm chuqurlikka ko‘miladi.
Shovul ekilgan yili ildiz bo‘g‘zidan tupbarg, ikkinchi va undan keyingi yillarda esa gulpoyasini chiqaradi.
Shovulning soyada ham o‘saveradi, sovuqqa chidamli. Urug‘dan va ildiz bo‘lakchalaridan ko‘paytiriladi. Urug‘i noyabr-dekabrda ochiq dalaga ekiladi. Har gektar yerga 3 kilogramm urug‘ sarflanadi.
Xulosa qilinganda, mazkur tadbirlar aholi tomorqalaridan oqilona foydalanish, kambag‘allikni qisqartirish va aholining moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA