Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kuz fasli qishga hozirlik davridir
16:21 / 2025-09-10

Ayni kunlarda yurtimizda sokin kuz fasli hukmron, hademay esa qahraton qish o‘z eshigini qoqib keladi. Ijtimoiy soha ob’ektlari va xonadonlarni kuz-qish mavsumiga hozirlash bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir.

Bu borada Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan joylarda tegishli tayyorgarlik ishlari va zarur choralar amalga oshirilmoqda. 

Uchqo‘rg‘on tumanida tizimning viloyat va tuman mas’ullari hamda daxldor tashkilotlar vakillari hamkorligida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar ana shular jumlasidan. 

– Dastavval, tadbirga jalb etilgan ishchi guruhga bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan kerakli tavsiyalar asosida yo‘riqnoma berildi. Ishchi guruh tomonidan tumandagi “Yog‘du” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi harbiy qismda harbiylar xonadonlari va fuqarolar yashash xonadonlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi o‘rganildi, – deydi Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ul xodimi, mayor Qahramon Sattorov.

 – Harbiylar oilalari va xonadon egalari bilan sodir etilishi mumkin bo‘lgan yong‘in, chaqnash, is gazi va botulizmdan zaharlanish kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish yuzasidan tushuntirishlar berildi. Xonadonlardagi isitish pechlari va oshxonalarning dudburonlarini tozalatish ishlari olib borildi.

 Tadbir davomida, fuqarolarga kuz-qish mavsumida yuz berishi mumkin bo‘lgan turli yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida tayyorlangan eslatma plakatlar tarqatildi. Bunday profilaktik ishlar Uchqo‘rg‘on markaziy dehqon bozorida davom ettirilib, tadbirkor va aholi bilan ovqatdan zaharlanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik borasida suhbatlar o‘tkazildi. 

Tumanning Sanoat mahallasida joylashgan 20-sonli Olimpiya zaxiralari sport maktabida o‘quvchilarga yong‘in-qutqaruv ekipaji, undagi asbob-anjomlar yaqindan tanishtirildi.

 Shuningdek, Ozod mahallasi hududida joylashgan 22-sonli umumta’lim maktabida qo‘shimcha qurilish ishlari olib borayotgan ishchilarga texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish yuzasidan kerakli yo‘riqnoma berildi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.