Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kuylab o‘tdim qo‘shig‘imni men”
16:05 / 2025-04-02

Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston xalq rassomi Ikrom Bahromov xotirasiga bag‘ishlangan rassomning rangtasvir asarlaridan tashkil topgan “Kuylab o‘tdim qo‘shig‘imni men” ko‘rgazmasi ochildi.

Tadbirda qayd etilganidek, uning polotnolarida mo‘yqalam zarblarining ritmi olamga singib ketgandek ohang va tuyg‘uni beradi. Kartinalar maydoni o‘ta aniqlik bilan tashkil etilgan: kompozitsion yechimning ravshanligi tasviriy tilning boyligi bilan uyg‘unlashtirilib, ichki yorug‘lik bilan to‘ldirilgan. Uning asarlarida atrof-muhitning go‘zalligigina emas, balki hayotni falsafiy anglash – tafakkur lirikasidan tortib, epik miqyosgacha aks ettirilgan.

Rassomning iste’dodi keng e’tirofga sazovor bo‘lgan. U “Mehnat shuhrati” ordeni (2001), O‘zbekiston xalq rassomi unvoni (2007) bilan taqdirlangan.

Ijodiy faoliyati bilan bir qatorda, o‘zi o‘qigan institutning dastgohli rangtasvir kafedrasida dars berib, yosh rassomlarga o‘z mahoratini o‘rgatdi.

Bugungi kunda I.Bahromovning asarlari mamlakatimizning yirik muzeylari, jumladan, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va G‘afur G‘ulom memorial uy-muzeyi, Rossiya, Yevropa, AQSH va Turkiyadagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda.

Ushbu ko‘rgazma milliy an’analar va umumbashariy badiiy tilni uyg‘unlashtirgan holda o‘z davri ruhini ifoda eta olgan ustaning kartinalarini ko‘rish uchun tomoshabinlarga noyob imkoniyat yaratadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA