O‘rta Chirchiq tumani Yoriq mahallasida yashovchi hunarmand Avaz Nasrullayev 2-guruh nogironligi bo‘lsada, iroda va mehnatsevarligi bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘layotganlardan. U nafaqat oilasini moddiy ta’minlamoqda, balki hunarini yosh shogirdlarga ham o‘rgatib kelmoqda.
U har tong ish stoli yoniga o‘tirib, avvalo, Tanovar qo‘shig‘ini bir shingil xirgoyi qilib ish boshlaydi. Uning kuyi unga tetiklik, sabr va ilhom beradi. Musiqa cholg‘u asboblari, sozlarni sozlab, yangi qo‘shiqlar aytarkan, go‘yo hayotiga yangi sahifa qo‘shilganday bo‘ladi. U ko‘p sinovlarni boshdan kechirgan. Biroq hayotning og‘irligi uni sindirmadi. Aksincha, u hayotini hunar bilan bezadi. Bugun usta yonida bir nechta shogirdi bor. Ular orasida yoshlikdan hunarga qiziqqan bolalar ham topiladi.

Avaz akaning oilasi ham davlat e’tiboridan chetda qolmagan. Mahalladagi kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Dilobar Ortiqboyevaning sa’y-harakatlari bilan oilaga gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya ajratilib, farzandlari bepul to‘garaklarga jalb etildi. Shu bois u o‘z hunariga ko‘proq vaqt ajratib, ijodini davom ettirish imkoniga ega.

Hozirda Avaz Nasrullayev nafaqat mahallasida, balki butun viloyatda hunari va irodasi bilan tanilgan inson. U yasagan sozlardan insonning sabr-bardoshi kuy bo‘lib yangrayotgandek.
A.Musayev,O‘zA.