Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kutubxonachi – kitob va kitobxonni bog‘lovchi oltin ko‘prik!
12:24 / 2021-11-11

Kitob insonning eng yaqin do‘sti, sirdoshi, vaqti kelsa eng og‘ir kunida tashlab ketmaydigan va bu hayot mashaqqatlarini yengib o‘tishda ko‘maklashuvchi chin yo‘ldoshdir. Kitob mutolaa qilgan insonning ma’naviy dunyosi yuksaladi, hayotga teran nigoh bilan qaray boshlaydi.

Har gal kutubxonaga borganimda kitob mutolaa qilayotgan tengdoshlarimni ko‘rib, sevinchdan ko‘zlarim porlaydi. Ularning safi kundan kunga ortib borayotgani esa, kishini yanada quvontiradi. Albatta, yoshlarni ziyo uyiga oshiqishlarida zahmatkash kasb egalari sanalmish kutubxonachilarning o‘rni beqiyosdir. Bugun sizlar bilan Respublika bolalar kutubxonasiga sayohat qilamiz va shunday zahmatli va sharafli kasb egalari bo‘lgan - kutubxonachilar bilan suhbatlashamiz.

Xurshida Xasanova, Respublika bolalar kutubxonasi axborot xizmati rahbari:

– Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika bolalar kutubxonasi 1965 yildan beri ilm nurini ulashib kelmoqda. Kutubxonaning umumiy fondi 163 ming 760 nusxani tashkil etib, shundan bosma fond yil davomida 741 nusxaga ko‘payib boradi. Kutubxona xodimlari tomonidan kitobxonlarni ushbu ziyo maskaniga jalb qilish, kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatini shakllantirish maqsadida turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida 52 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, 2020 yilda Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan kitobxonlarning ilm-fan, ta’lim, axborot va madaniyat sohasi bo‘yicha qiziqishlarini tezkorlik bilan qondirishga yo‘naltirilgan kitob.uz saytini tashkil etish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirildi. bugungi kunda saytga 19 ta janrga oid 217 ta muallifning kitoblari joylashtirilgan. Saytga joylashtirilgan resurslarning umumiy soni 2 ming 117 tani tashkil etadi. Ushbu saytdan bugungi kunda dunyoning 50 ta davlatida foydalanib kelinadi. Saytga kunlik tashriflar soni o‘rtacha 9 mingni tashkil etadi.

Shuningdek, kutubxona tomonidan taqvim.uz, odob.uz saytlari tashkil qilingan. Kutubxonaning ushbu saytlarida hozirgi kunda 6 mingdan ortiq o‘zbek va jahon adabiyoti asarlari hamda bolalar uchun mo‘ljallangan ertaklar va qo‘shiqlarning elektron variantlari joylashtirilgan.

Ulugbek Yodgorov, Respublika bolalar kutubxonasi direktor o‘rinbosari:

– Menda kitoblarga qiziqish bolalikdan paydo bo‘lgan. Turli xil kitoblarni maroq bilan mutolaa qilish mening eng sevimli mashg‘ulotim bo‘lgan. Shu sababli bo‘lsa kerak ushbu kasbni tanlaganman. O‘zim haqimda ko‘p gapirish noqulay, ammo Respublika bolalar kutubxonasi hamda jamoamiz haqida maroq bilan gapirgim keladi. Bu yerda ishlash menga zavq beradi. Bizda samimiylik, bir birimizga bo‘lgan ishonch bor. Bizning dargohda, hamkasblar orasida sening ishing mening ishim, degan narsa yo‘q. Doim barcha bir yoqadan bosh chiqarib ish qiladi. Shuning uchun ham qancha ishlamay bu dargohdan kungil o‘zolmayman. Aytadiku, daraxt bir joyda ko‘karadi deb.

Maktabning yuragi kutubxona bo‘lsa, insoniyatning ham haqiqiy ma’naviyat o‘chog‘i bu kitobdir. Bu kasbni tanlaganimdan faxrlanaman va bu kasb menga g‘urur bag‘ishlaydi. Kupchilik bu kasbni juda zerikarli deb tasavvur qilishadi. Men esa ularga, kutubxona ham zerikarli bo‘lishi mumkinmi, deyman. Aksincha hayotini bir tartibga keltirmoqchi bo‘lganlar, hayotning pastu-balandidan o‘tishga qiynalganlar kutubxona tomon chopishadi. Shuning uchun ham bu kasbni tanlaganimdan baxtiyorman.

Nargiza Tajibayeva, Kitob jamlash va to‘kislash bo‘limining boshlig‘i:

– Meni hamkasblarim hazilomuz tarzda “ona qirolicha”, deyishadi. Rostini aytsam bu gap menga juda yoqadi. Men 21 yildan buyon shu kutubxonada faoliyat yuritib kelaman. Shu sababdan ham yosh hamkasblarimga ham ish jarayoni haqida, ham katta hayot yo‘li to‘g‘risida o‘z maslahatlarimni berib kelaman. Chin ma’noda kutubxona – donishmandlik uyidir. Bu kasbni bejizga tanlamaganman. Bu dargoh katta hayot maydonida o‘z yo‘limni topishimda, barkamol shaxs sifatida kamol topishimda katta ahamiyatga ega. Bu dargohga kun davomida nafaqat bolalar, balki ko‘plab olimlar ham o‘z bilimini boyitgani tashrif buyurishadi. Bu ziyo maskaniga tashrif buyurgan har bir kishini sira qaytib ketgisi kelmaydi. Shuning uchun ham, kutubxonamizni – mehrxona deb ham ataymiz. Shu o‘rinda shuni alohida ta’kidlayman, agar Respublika bolalar kutubxonasiga kelmagan bo‘lsangiz, albatta, tashrif buyuring va mehrimizdan bahramand bo‘ling.

Dildora Safarova, Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan aloqalar sho‘basining 1 - darajali kutubxonachisi:

– Ba’zida atrofimdagilar hali yoshsan, yoshlik davrida boshka biron kelajagi bor kasbni etagidan tut, deb maslahat berishadi. Men esa, kelajak asli kutubxonadaku, deb kulib qo‘yaman. Biz o‘z nomi bilan bolalar kutubxonasida ijod qilganimiz uchun ular bilan tobora yosharamiz. Ular bilan birgalikda har daqiqa yana ko‘p narsalarni o‘rganamiz, o‘z ustimizda izlanamiz. Aslida bu bugungi zamon talabi. O‘z ustida muntazam ishlagan, izlangan inson hox ishda bo‘lsin, hox o‘qishda o‘z maqsadiga, albatta, erishadi. Bu yo‘lda yoshlarga kitob tirgak va suyanch vazifasini bajaradi. Asli mening bo‘limim jamoatchilik bilan ishlash bo‘lgani uchun ham, atrofdagi insonlarga kutubxonamiz to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot berishga harakat qilaman. Bu ilm uyiga ilmga tashna bo‘lgan har bir qalb egalarini tashrif buyurishini xohlayman. Har kuni kutubxonamizga qancha ko‘p kitobxon tashrif buyursa, ishga bo‘lgan shijoatimiz ham shuncha ortadi. Bu yerda ishlash menga ulkan zavq bag‘ishlaydi.

Nosirjon Meliyev, Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi Ma’naviyat-ma’rifat va san’at sho‘’basi mudiri:

– Bizning ishxona naqd ijodxonaga o‘xshaydi. Bu yerda barcha san’atkor. Hodimlarimiz orasida shoir va shoiralar ham, jurnalistdan tortib aktyorlar ham bor. O‘zim ham milliy kuy - qushiqlarni hirgoyi qilib turaman. Ayniqsa, kitobxonlarga, jajji bolalarimizga biroz ma’naviy- ma’rifiy sanat yo‘nalishda ham saboq bergim, o‘qish bahona biroz tin olishlariga imkoniyat yaratgim keladi. Kutubxonamizda 60 daqiqalik ijodkorlar bilan onlayn suhbatlarimiz ham aynan maroqli damlar bilan birga ma’naviy ozuqa olishga imkoniyat yaratish uchun tashkil qilingan.

Bundan tashqari, jamoamiz bilan birgalikda turli xil ko‘rik-tanlovlar ham o‘tkazib kelmoqdamiz. Tanlovlarda Respublika bo‘ylab yoshidan kat’iy nazar ko‘plab ilm ahli qatnashmoqda, katta qiziqish bildirishmoqda. Bularning barchasi, albatta, yanada bizning jamoani izlanishga chorlaydi. Bugun Respublika bolalar kutubxonasini keng qamrovli deyish mumkin. Ayniqsa, hamkasbimiz, shirin ovoz sohibi Abbos Jumayev tomonidan o‘qilgan elektron kitoblar ham allaqachon o‘quvchilar qalbidan joy olishga ulgurdi.

Kutubxona sayti orqali yozuvchi, shoirlarimiz asarlarini elektron shaklda ijtimoiy tarmoq sahifalarimizda eshitish, tanishib borish imkoni mavjud. Ko‘p eshitgandan bir bor ko‘rmoq afzal, deganlaridek Respublika bolalar kutubxonasiga tashrif buyuring, kitobga bo‘lgan mehrimizdan bahramand bo‘ling. Biz kutubxonachilar sizlar uchun doim xizmatdamiz.

“Kitob o‘qish menga vaqtni o‘ldirish vositasi edi. Bora-bora kitob vaqtni tiriltira boshladi”, - degan edi bir ijodkor o‘z asarlarida. Inson qancha ko‘p kitob o‘qisa, hayot haqidagi haqiqatlari oydinlashib boraveradi. Ham aqlan, ham ma’nan kamol topib, yetuk shaxs sifatida shakllanadi. Shuning uchun ham buyuk mutafakkirlar kitob bilan do‘st tutinishgan. Kelajak egalari bo‘lmish yoshlarni kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, ilm ziyosidan bahramand qilish eng muhim vazifa. Bu ishni amalga oshirishda kutubxonachilarning o‘rni beqiyos, albatta. Bejizga ularni kitob va kitobxonni bog‘lovchi oltin ko‘prik , deb atamaymiz.

Fayzullo Yahyoyev O‘zA