Kutubxona – ilmning eng halol ustozi. U hech kimni kamsitmaydi, hech kimni ortiq ko‘rmaydi, har bir tashrif buyurgan kishiga imkon beradi: o‘qishni xohlagan uchun – bilim, izlayotgan uchun – javob, tasalli istagan uchun – ruhiy quvvat beradi. Kutubxona bag‘riga kirgan odam o‘ziga tanish jimlikni his qiladi: bu jimlik befarqlik emas, balki fikrlar kuylaydigan, ruh uyg‘onadigan sokinlik.
Kitoblar xotirasida tarixning izlari, buyuk allomalarning donishmandligi, zamondoshlarning orzu-umidlari yashaydi. Inson shu sukunat ichida o‘zini topadi, yuragi kengayadi, aqli charxlanadi. Kutubxona – bu shunchaki kitoblar saqlanadigan joy emas. Bu inson qalbini osoyishtalikka chorlovchi makon, tafakkurni kengaytirib, fikrlarni charxlaydigan maskandir. Har bir kitob jovoni – minglab dunyolar eshigi, har bir sahifa esa insonni o‘ziga chorlaydigan sehrli yo‘l.

Kutubxona bosma va ayrim qo‘lyozma asarlardan ommaviy foydalanishni ta’minlovchi madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasa. Muntazam ravishda bosma asarlar to‘plash, saqlash, targ‘ib qilish va kitobxonlarga yetkazish, shuningdek, axborot-bibliografiya ishlari bilan shug‘ullanadi, ommaning madaniy saviyasini oshirishda faollik ko‘rsatadi. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish kutubxonaning asosiy faoliyati bo‘lib, qolgan barcha yo‘nalishlar asosiy faoliyat uchun xizmat qiladi. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning asosiy maqsadi ularni axborot va adabiyotga bo‘lgan talablarini imkon qadar to‘liq ta’minlash va adabiyot tanlashlariga yordam berishdan iborat.
Bundan tashqari, yirik kutubxonalar bosma nashrlarning to‘liq yoki qisman nazorat nusxasini olish huquqiga ega, shuningdek, ular uchun mamlakat ichida va chet mamlakatlardan kitoblar sotib olish imkoni yaratiladi. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish darajasi kutubxona fondini to‘liq to‘plashga birmuncha bog‘liq. Kitob fondini to‘g‘ri tashkil qilish (hisobga olish, joylashtirish, saqlash va kitobxonga yetkazish) kitobxonga adabiyotdan foydalanishni, kutubxonachiga esa kitobxonga tez xizmat ko‘rsatishni, fondni ijtimoiy mulk sifatida saqlashni ta’minlaydi.

Har bir kitob bilan inson bir makon, bir zamon, bir hayot bilan tanishadi. Shuning uchun ham kutubxona – qalbni poklab, tafakkurni boyitadigan en go‘zal manzil.
Kutubxona eshiklari har doim ochiq. U yerga kirgan odam nafaqat adabiyotni, balki o‘zini ham kashf qiladi. Kutubxona – insonning ma’naviy panohi, ruhiy balandlik sari eltuvchi yo‘lboshchidir. Kutubxona – insonni dunyoga boshqacha nigoh bilan boqishga o‘rgatuvchi tarbiya maskani. Undagi har bir kitob qalbga yo‘l topuvchi mayoq, nur taratuvchi shamchadir. Kitoblarni varaqlarkan, inson ichidagi savollariga javob, alamlariga malham, orzulariga esa qanot izlab topadi. Shu jihatdan kutubxona – ruhning sayohat bog‘i, tafakkurning muqaddas suhbatxonasi.
Jamiyat uchun kutubxona – bu ta’lim va teng imkoniyat markazi. Har bir shahar va qishloq kutubxonasi o‘quvchilar, talabalar va tadqiqotchilar uchun bilimga kirish eshigini ochadi. Kutubxona orqali har bir inson, ijtimoiy qatlamidan qat’iy nazar, bilimga va imkoniyatga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida, ijtimoiy tenglik va barqaror rivojlanishning muhim omili hisoblanadi. Kitob o‘qish va kutubxona insonni tanqidiy fikrlashga, yaratuvchanlikka va ijodiy tafakkurga undaydi. O‘quvchilar kutubxonada yangi dunyolarni kashf qiladi. Hozirgi zamon kutubxonalari endi faqat kitoblar bilan cheklanmaydi. Raqamli kutubxonalar, elektron kitoblar, onlayn kataloglar va ijodiy laboratoriyalar zamonaviy kutubxonalarning ajralmas qismiga aylangan.
Kutubxona seminarlar, madaniy tadbirlar va onlayn kurslar orqali jamiyatni bilim bilan bog‘lab turadi. Shu bilan birga, kutubxona yoshlarni raqamli dunyoda bilim va tafakkurga yo‘naltirishda katta rol o‘ynaydi. Raqamli texnologiyalar kuchaygan zamonda ham kutubxona chuqur bilim maskani bo‘lib qolmoqda.
Bugungi kunda kutubxona nafaqat madaniy meros, balki barqaror ma’naviy rivojlanishning muhim manbai hisoblanadi. Har bir kitob, har bir sahifa – bu inson ruhining oynasi. Kutubxona esa shu oynalarning minglab, millionlab yig‘indisi bo‘lib, bizni bilim va tafakkur olamiga olib kiradi. Hozirgi zamonda internet va raqamli texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan bo‘lsa-da, kutubxonalar hali ham chuqur bilim va ma’naviyat maskani sifatida o‘z o‘rnini saqlab kelmoqda. Har bir kutubxona avlodlar bilimi, madaniyati va ijodiy merosini saqlab keladi. Har bir kitob, har bir qo‘lyozma, har bir tarixiy manba bizga o‘tgan asrlarning hikoyalarini yetkazadi va shu orqali biz o‘zimizni dunyo bilan bog‘laymiz.
Shu bilan birga, kutubxona insonni tarbiyalaydi. Kitob tanlash madaniyati, o‘qish odati, ilmga muhabbat – bularning barchasi kutubxona muhitida shakllantiriladi. Bu maskan insonni hech qachon yolg‘iz qoldirmaydi, undagi kitoblar esa har doim suhbatga tayyor. Kutubxona – kecha va bugun, an’ana va zamonaviylik, oqilona tafakkur bilan yuksak orzularni bog‘lab turuvchi ko‘prik. Bu ko‘prikdan o‘tgan insonning dunyoqarashi o‘zgaradi, ma’naviy boyiydi, qalbi yangilanadi.
Shu sababli, kutubxonaga kirish – bu aslida o‘zimizga kirish, o‘zimizni izlash va topish yo‘li. Har bir o‘quvchi, talaba, tadqiqotchi yoki oddiy kitobsevarlar uchun kutubxona har doim ochiq, har doim kutib turadigan ilhom manbai. Kutubxonachi – bu maskanning yuragi. U har bir kitobning qayerda turganini, qaysi mavzu qaysi jovonda joylashganini, kimga qanday adabiyot kerakligini juda yaxshi biladi. Ularning samimiy yo‘riqlari ko‘pincha kitobxonlar uchun yangi imkoniyat eshigini ochadi.
Zamonaviy kutubxonalar elektron kataloglar, multimedia resurslari va internet bilan boyitilishi esa o‘qish jarayonini yanada osonlashtiradi. Kutubxonalar o‘z bag‘rida tarixni ham asrab turadi. Qo‘lyozmalar eski nashrlar, nodir asarlar – bularning barchasi o‘tmishning nafasi, avlodlar tajribasi, insoniyat xotirasi sifatida ahamiyatli. Ular bugun ham o‘quvchiga fikr, saboq beradi, uni o‘zidan oldingi avlodlar bilan bog‘laydi.
Kutubxona – kelajak sari eltuvchi ko‘prik. Undagi har bir kitob inson tafakkurini boyitadi. Kutubxona – qalbga xotirjamlik, aqlga ozuqa, ruhga esa yuksalish bag‘ishlaydigan beqiyos makon. Shuning uchun ham “Kutubxona – qalb va tafakkur manzili” deyiladi. Bu haqiqatni his qilish uchun kamida bir marta kutubxonaga kirish, kitob, jurnal va gazetalardan varaqlab, ularni yurakka tushadigan sehrini tinglash kifoya.
Nargiza MUQIMOVA,
Buxoro viloyati Akademik To‘ra Mirzayev
nomidagi Shofirkon tuman
Axborot - kutubxona markazi mutaxassisi
O‘zA