Kitob dunyoni qutqaradi deydilar. Ammo bugun kitobxonlikning foydasi borasida ko‘p gapirilayotgani, bong urilishiga qaramay smartfonu kompyuterga mukkasidan ketgan avlod shakllanayotgandek, go‘yo. Ammo hech kim kitob o‘qimay qo‘ydi, deb aytishdan yiroqmiz. Bu boradagi ijobiy ishlar erishilayotgan natijalarda namoyon bo‘lmoqda.
Masalan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi kutubxona yaqin-yaqingacha xaroba binoda qo‘nim topgan, biror falokat tufayli o‘n minglab kitoblar yo‘q bo‘lib ketish xavfi muqarrar edi.
Davlat rahbarining kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yanada oshirishga qaratilgan tashabbusiga asosan Shahrisabzdagi kutubxona ham nazardan chetda qolmadi. O‘tgan yilning aprel oyida kutubxona Kulollik mahallasidagi yangi, zamonaviy binoda faoliyat boshladi. 20 ming dona kitob kitobxonlar uchun hozirlandi.
[gallery-10440]
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda 16 ming kishi kutubxona xizmatidan foydalangan. E’tiborlisi, ularning 10 mingga yaqini yoshlardir. Kutubxonachilar o‘z faoliyat doirasida taniqli ijodkorlar ijodi bo‘yicha 25 ta bibliografik qo‘llanma, 68 ta bibliografik sharh tayyorlagan. “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi”, “Eng yaxshi kitobxon maktab”, “Zukko kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovlari, ijodiy uchrashuvlar, kitob yarmarkalari o‘tkazilib, minglab kishi qamrab olingan.
– Kitobxonlarga bibliografik xizmatlar ko‘rsatish bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda ham turli kanal, guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi axborot-kutubxona markazi foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi rahbari Nilufar Ulug‘murodova. – Bunda so‘ralgan kitoblarning elektron variantini topib beramiz, yangi adabiyotlar bilan tanishtirib boramiz, mashhur asarlar bo‘yicha turli viktorina, tanlovlar ham o‘tkazib boriladi. Jumladan, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan turli loyihalarni yo‘lga qo‘yganmiz.
Albatta, kutubxonalar va ularga mos ravishda kitobxonlar ham ko‘p bo‘lishi keng tafakkurli avlod voyaga yetayotgani, taraqqiyotdan dalolat. Zero kutubxona ma’rifat o‘chog‘idir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA