O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Yangi O‘zbekistondagi islohotlar, “Harakatlar strategiyasi”dan “Taraqqiyot strategiyasi” sari” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni akademiya boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov kirish so‘zi bilan ochib, so‘nggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, jumladan, inson huquq va erkinligi hamda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida izchil va samarador ishlar amalga oshirilayotgani, turli xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning mavqei yanada yaxshilanayotgani, davlatimiz rahbarining pragmatik tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda e’tirof etilayotganini ta’kidladi.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 7-yo‘nalishi “Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish”dagi 92-maqsadida “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish” belgilab berilganini alohida e’tirof etdi.

– Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undaydi, – dedi kapitan Firdavs Karimov.– Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va fidokorona mehnati bilan yurtimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishda yoshlarning o‘rni beqiyos, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yakunda kursantlar va boshqa ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA