O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamkorligida «Yosh iqtidor sohiblarini shakllantirishda ilm-fanning o‘rni: tajriba va istiqbollar» mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 29 oktyabrdagi «Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda jahon tillari universiteti tayanch doktoranti Prezident stipendiyasi sohibi Solijon Azizov bilan kursantlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Tadbirda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan o‘zaro tanishish hamda kelgusida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olim bilan birgalikda akademiyada xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha o‘quv jarayoniga tatbiq etilayotgan adabiyotlarni mazmun jihatdan tahlil qilish va o‘rganish jarayonini yo‘lga qo‘yish xususida so‘z bordi.
Akademiyaning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining doktorantlari va talaba yoshlari bilan ikki avlod uchrashuvlarini tashkil qilish, shuningdek, yosh doktorantlar tomonidan akademiyaning yosh o‘qituvchilari va iqtidorli kursantlari uchun mahorat darslarini tashkil qilish to‘g‘risida fikrlar almashildi.

– Davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad yosh kursantlarimizning ilmiy salohiyatini o‘stirish, ularda zamonaviy fan-texnika yutuqlaridan foydalangan holda kelajakda o‘z ixtirolarini yaratishga qiziqtirish, ayniqsa, xorijiy tillarga bo‘lgan e’tiborini yanada kuchaytirishdan iborat. Suhbat jarayonida xorijiy tillarni tez va oson o‘rganish usullarini o‘rganib oldik, ko‘nikmalarimiz yanada shakllandi, – dedi akademiya 4-bosqich kursanti Akbar Xursanov.
Tadbir yakunida faol kursantlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA