O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Temur tuzuklarining shaxsiy tarkibni tarbiyalashdagi ma’naviy-axloqiy ahamiyati” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida buyuk davlat arbobi Amir Temur tomonidan yaratilgan “Temur tuzuklari” asarining tarixiy ahamiyati, unda ilgari surilgan adolat, jasorat, intizom, vatanparvarlik kabi fazilatlarning bugungi yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida atroflicha fikr yuritildi.

O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov o‘z chiqishida Temur tuzuklarining zamonaviy hayotda, ayniqsa, harbiy xizmatchilar uchun muhim o‘rnak ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u yoshlarni ma’naviy jihatdan yetuk, Vatanimizga sadoqatli bo‘lishga da’vat etdi.

Tadbir doirasida Akademiyada a’lo baholarga o‘qib, safdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 4 nafar iqtidorli kursantga Favqulodda vaziyatlar vazirligining "Amir-Temur" nomidagi davlat stipendiyasi va faxriy yorliqlari topshirildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA