Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama barkamol, yuksak bilim va zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar etib tarbiyalash, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ta’lim muassasalarida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlar doirasida Farg‘ona davlat universitetida ham bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov soha prorektorlari hamrohligida harbiy ta’lim fakultetiga tashrif buyurdi.

Rektor kursant talaba-yoshlar bilan muloqot davomida bugungi globallashuv davrida soha vakillari uchun faqatgina jismoniy kuch emas, balki yuksak intellektual salohiyat ham zarurligini ta’kidladi.

Jumladan, Amir Temurning “Bilagi zo‘r – birni, bilimi zo‘r – mingni yengar” degan hikmati bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani qayd etildi. Qat’iy intizom, chuqur bilim va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiya topgan yoshlargina yurtning haqiqiy posboni bo‘la olishi ta’kidlandi.

Shuningdek, rektor fakultetda yangi tashkil etilgan uchuvchisiz uchish apparatlari – dronlar va ularni boshqarish bo‘yicha o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
– Dronlar bilan ishlash ko‘nikmasi bo‘lajak mutaxassislarimizning professional tayyorgarligida muhim o‘rin tutadi, – dedi universitet rahbari.

Tashrif davomida kursantlarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA