Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kursantlar o‘rtasida voleybol musobaqasi o‘tkazildi
14:53 / 2025-04-15

IIV akademiyasida Qurolli Kuchlar akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Bojxona instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamkorligida oliy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida voleybol musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, voleybol sportini yanada ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan musobaqada avvalgi turnirlardan farqli o‘laroq, bu gal har bir jamoa jangovar ruh bilan maydonga tushdi. Bahslar ham shunga mos bo‘ldi. Goh taktika, gohida jismoniy ustunlik, ba’zan esa omad jamoalarni g‘alaba yoxud mag‘lubiyat tomon yetakladi. Shu bois, muxlislar kutilmagan natijalar guvohiga aylanishdi.

Nihoyat, natijalar sarhisob qilindi. Unga ko‘ra, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari eng ko‘p ochko bilan birinchi o‘rin va kubokni qo‘lga kiritishdi. IIV akademiyasi jamoasiga ikkinchi o‘rin nasib qilgan bo‘lsa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi kursantlari musobaqani uchinchi o‘rin bilan yakunladilar.

Taqdirlash marosimida so‘z olganlar hamkorlikda o‘tkazilayotgan musobaqalar yoshlarni Yangi O‘zbekistonning tinchligi, osoyishtaligi va farovonligi yo‘lida yanada jipslashtirishga, chinakam vatanparvar kadrlarni tayyorlashga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi.  

Tadbir so‘ngida g‘olib va sovrindorlarga medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA