Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Obodon mahallasida yashovchi Ulug‘oy Rahimova ancha yillardan buyon ishsiz edi. Uy-ro‘zg‘or tashvishlaridan ortmasdi. Shu bois “Ayollar daftari”ga ham kiritilib, ijtimoiy yordamlar olib turdi, lekin qo‘ldan berganga qush to‘ymas deganlaridik o‘ylab-o‘ylab kurkachilik tarmog‘ini kengaytirishni maqsad qildi. Boisi qishloq sharoitida doimiy ravishda tovuq va kurka parvarishlab kelgan. Shuning uchun ularni parvarishlash va ko‘paytirish qiyin bo‘lmadi.
– Kurka juda barakali parranda, – deydi Ulug‘oy opa. – Bir mavsumning o‘zida 100 tagacha jo‘ja ochishi mumkin. 5 ta urg‘ochi kurka bilan ishni boshlagan bo‘lsam o‘sha yilning o‘zida ochib chiqqan bolalarining hisobiga ularning soni 100 taga yetdi. Xo‘roz kurkalarni yetiltirib sotdik, urg‘ochilarini ko‘paytirishga saqlab qoldik. Natijada kurkachilik meni tadbirkorga aylantirdi.

Ulug‘oy Rahimova taqdim etilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, kichik tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. U dastlab 100 dona kurka jo‘ja parvarishlashni boshlagan bo‘lsa, bugunga kelib ularning sonini 1000 taga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.
– Avvallari uy sharoitida ish boshlagandim. Mahallamiz faollari yordamida bino ajratilib, ishimni kengaytirish imkoni bo‘ldi. Endi nafaqat o‘z oilamga, balki boshqalarga ham foydam tegayapti, – deydi tajribali parrandachi.

Ayni paytda parvarishlayotgan kurkalarning go‘shti ichki bozorga chiqarilmoqda. Bu nafaqat oilasiga barqaror daromad keltirayotir, balki mahalladagi iqtisodiy faollikni ham oshirmoqda.
Ulug‘oy Rahimova faoliyatini faqat daromad manbai sifatida emas, balki ijtimoiy mas’uliyat deb ham biladi. U kam ta’minlangan oilalarga 40 tagacha kurka jo‘ja va bir oylik yemni bepul berib, ularni ham tadbirkorlikka yo‘naltirmoqda. Tayyor bo‘lgan mahsulotni esa o‘zi sotib olib, oilalarning qo‘shimcha daromad topishi va go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga ko‘maklashmoqda.

Bunday misollar mehnatsevarlik, iqtidor va mehr-oqibat uyg‘unlashgan joyda barqaror hayot sari ishonch bilan qadam tashlash mumkinligini isbotlab bermoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri