Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kurer yo‘l-transport hodisasiga uchraganda, zararni kim qoplaydi?
14:57 / 2025-09-09

Huquqiy munosabat

Bu holatda kurerning qanday huquqiy maqomda ishlayotgani muhim rol o‘ynaydi. Chunki qonuniy himoya darajasi aynan shunga bog‘liq.

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu bo‘yicha quyidagicha tushuntirish berdi:

–Bu holatda agar kurer rasmiy ravishda kompaniya bilan mehnat shartnomasi tuzgan bo‘lsa, u holda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va unga muvofiq qabul qilingan normativ asosida himoyalanadi.

Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga ko‘ra, biror shaxs boshqasiga aybi bilan zarar yetkazsa, u mazkur zararni to‘liq qoplashi shart.

Mehnat kodeksi mehnat faoliyati chog‘ida sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash mas’uliyatini ish beruvchiga yuklaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-son qarori bilan tasdiqlangan Qoidalarga muvofiq, bu ish joyidagi baxtsiz hodisa hisoblanadi.

Xususan, kurer xizmat vazifasini bajarish vaqtida YTHga uchrasa va jarohatlansa yoki halok bo‘lsa, ish beruvchi quyidagilarga majbur.

Jumladan, mehnatga qobiliyat yo‘qotilgan darajasiga qarab oylik kompensatsiyalar to‘lashi, og‘ir holatlarda yoki o‘lim yuz bersa – 6 yillik o‘rtacha ish haqi miqdorida bir martalik nafaqa to‘lash, agarda kurer olamdan o‘tsa, marhumning oila a’zolariga to‘lash lozim.

Ish beruvchining ixtiyoriy yoki majburiy mehnat sug‘urtasi orqali ham tovon ta’minlanishi mumkin.

Shu sababli, rasmiy shartnoma asosida ishlayotgan kurerlar qonuniy himoyaga ega. Jumladan, sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar, davolanish xarajatlari, nogironlik yoki o‘lim holatlarida zararni ish beruvchi qoplashga majbur.

Hozirgi kunda ko‘plab onlayn yetkazib berish platformalari kurerlar bilan mehnat shartnomasi emas, balki fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzadi.

Bunday shartnomalar pudrat yoki xizmat ko‘rsatish shartnomasi shaklida tuziladi va kurer rasmiy ishchi emas, balki mustaqil ijrochi (kontraktor) hisoblanadi.

Bu holatda kurer Mehnat kodeksi bilan himoyalanmaydi. Platforma o‘zini faqat “buyurtmachi” sifatida ko‘rsatadi va kurerning sog‘lig‘iga javobgar emas deb hisoblaydi. Natijada, agar mustaqil ishlayotgan kurer YTHga uchrasa, u o‘zini mustaqil sug‘urtalab qo‘ymagan bo‘lsa, zararni o‘zi ko‘taradi.

Sug‘urtasi bo‘lsa ham, u faqat shartnoma doirasida va limit bilan tovon olishi mumkin. Platforma kompaniyasi javobgarlikdan deyarli ozod bo‘ladi.

Bundan xulosa shuki, kurerlarning yo‘l-transport hodisasiga uchrashi holatida zararni kim qoplashining qonuniy javobi ularning huquqiy maqomiga bog‘liq. Rasmiy ishchi bo‘lsa – ish beruvchi qonuniy javobgar. Mustaqil ijrochi bo‘lsa – o‘zini o‘zi himoyalashi lozim (sug‘urta, xavf bahosi).

Shu sababli, kurerlik faoliyatini boshlashdan oldin ularning qanday asosda ishlayotgani, shartnoma mazmuni va sug‘urta bor-yo‘qligini aniqlab olish juda muhim.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA