Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) tomonidan 2026 yil uchun xalqaro musobaqalar va ta’lim tadbirlarini qamrab olgan rasmiy taqvim rejasi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 2026 yil davomida IKA bayrog‘i ostida 50 dan ortiq xalqaro kurash tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
2026 yilgi taqvimdan Osiyo, Yevropa, Afrika va Pan-Amerika chempionatlari o‘rin olgan bo‘lib, ushbu musobaqalarda dunyoning 80 dan ortiq davlat sportchilari ishtirok etishi kutilmoqda. Onlayn va gibrid formatdagi kurslar orqali esa ta’lim dasturlarida 50 dan ortiq mamlakatning kurash sporti mutaxassislari qamrab olinishi belgilangan.
Joriy yil kurash muxlislarini 2 ta jahon chempionati, qit’alar chempionatlari, WSP reyting musobaqalari hamda "CISM Kurash Challenge Cup" turnirlari kutib turibdi.
Shuningdek, World Nomad Games (Issiqko‘l, Qirg‘iziston) hamda XX yozgi Osiyo o‘yinlari dasturidan kurashning o‘rin olgani uning ommaviyligini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fransiyaning Parij shahrida har yili o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir ham 2026 yilgi taqvim rejadan joy olgan. Ushbu musobaqa Yevropa qit’asida kurashning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi va uning tizimidagi birlashmalar tomonidan amalga oshirib kelinayotgan ta’lim dasturlari 2026 yilda ham izchil davom ettiriladi. Yil davomida 12 ta xalqaro seminar, 6 ta litsenziyalash hamda 5 ta hakamlik kursi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu dasturlar orqali 500 nafardan ortiq murabbiy va hakam xalqaro standartlar asosida tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.
Joriy yilda nazarda tutilgan tadbirlar kurashni global sport turi sifatida rivojlantirishga qaratilgan izchil va tizimli strategiyani aks ettiradi. Geografik qamrov, musobaqalar soni kurash faoliyatida muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA