Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kurashning xalqaro maydonga chiqishida faxriy polvonlarning xizmati beqiyos
14:16 / 2022-04-25

Milliy sportimiz kurashning xalqaro maydonga chiqishi va uning zamonaviy qonun-qoidalari yaratilishida bundan 30 yillar muqaddam navqiron sportchilar bo‘lib davra aylangan, bugun faxriylik gashtini surayotgan nuroniy polvonlarning xizmatlari beqiyos.

Poytaxtimizdagi “City Palace” mehmonxonasida O‘zbekiston kurash faxriylari kengashining birinchi ta’sis konferensiyasi va uning doirasida o‘tgan «Uch avlod uchrashuvi» o‘tkazildi.

Haqiqatan shunday. Ota-bobolarimizdan meros kurashning sport turi sifatida qad rostlashida, ne-ne davrlar silsilasidan omon o‘tib, bugungi kunlarga yetib kelishida xalq o‘rtasida katta obro‘ga ega bo‘lgan faxriy polvonlarning mehnatlari e’tiborga munosib. Bu haqda mamlakat kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, zamonaviy kurash qonun-qoidalari muallifi Komil Yusupov ta’kidladi.

Nuroniylarning bilim va boy hayotiy tajribasidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlashda samarali foydalanish bugungi kunning muhim omillaridan biri ekanligi e’tirof etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va barcha viloyatlardan faxriy kurashchilar, otaxon polvon bobolar, mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etgan konferensiyada 13 kishidan iborat O‘zbekiston kurash faxriylari kengashi tuzildi, uning a’zolari saylandi.

Qizg‘in muloqot tarzda o‘tgan suhbat davomida milliy sportimizning tirik afsonasi bo‘lgan otaxonlar, faxriy polvonlar o‘z davridagi kurashlar, polvonlar, xalq o‘yini bo‘lgan kurashning zamonaviy sport turi bo‘lishi, qonun-qoidalari yaratilishi, xalqaro sport maqomiga ko‘tarilishi haqida so‘zlab berishdi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan faxriy polvonlar maxsus sertifikat va guvohnomalar bilan taqdirlandi.

O‘zA