“Kurashda antidoping qoidalari va muhim ko‘rsatmalar, sport jarohatlari va sport tibbiyoti” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro onlayn o‘quv-seminar tashkil etildi.
ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan seminar mashg‘ulotlarida sportda halollik tamoyillarini mustahkamlash, antidoping talablariga rioya etish hamda zamonaviy sport tibbiyoti yutuqlarini kurash amaliyotiga joriy etish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.

Xalqaro kurash instituti eksperti, doktor Santosh Teli (Hindiston) o‘z ma’ruzasida Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan 2026 yil uchun tasdiqlangan yangi reglamentlar, taqiqlangan moddalar ro‘yxatidagi yangiliklar hamda sportchilar o‘rtasida antidoping madaniyatini yuksaltirishning dolzarb jihatlari, musobaqalarda antidoping nazoratidan o‘tishning huquqiy va tashkiliy asoslari haqida so‘z bordi.

Professional sport tibbiyoti eksperti, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi RSTIAM shifokori Antoni Malkov kurashchilarning jismoniy tayyorgarligi jarayonida jarohat olish xavfini minimallashtirish, jarohatlarning oldini olish, zamonaviy reabilitatsiya usullari bo‘yicha o‘z ilg‘or tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Interfaol formatda o‘tgan seminarda ishtirokchilar o‘z amaliyotida uchrayotgan murakkab holatlar yuzasidan mutaxassislardan amaliy tavsiyalar oldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA