Kurashchilarimiz Turkiyada “Parij-2024” yo‘llanmalariga da’vogarlik qilmoqda
Bugun, 11-may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan "Parij-2024" Olimpiadasi uchun so‘nggi litsenzion turnirda 3 nafar erkin kurashchilarimiz bahslarga kirishmoqda.
Aytish kerakki, mazkur nufuzli musobaqaning ayollar kurashida gilamga chiqqan uch nafar vakilamizdan ikki nafari – Layloxon Sobirova va Shohida Ahmedova Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun imkoniyatni saqlab qoldi. Ular bugun "Parij-2024" litsenziyasi uchun kurashni pley-off bosqichida davom ettiradi.

Erkin kurashchilarimizdan -65 kilogrammda yoshlar o‘rtasidagi barcha musobaqalarda g‘olib bo‘lgan Umidjon Jalolov, -97 kilo og‘irlikda "Rio-2016" Olimpiadasi bronza medali sohibi Magomed Ibragimov hamda -125 kilogrammda Hasanboy Rahimov Istanbul bahslarida medallar va Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari yo‘lidagi bahslarda ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA