Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida sport kurashlari bo‘yicha an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Ivan Yarigin kubogi uchun xalqaro turnirining bu yilgi musobaqalarida 20 dan ziyod milliy terma jamoalar qatorida o‘zbekistonlik sportchilar ham g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
XXXVII “Ivan Yarygin Cup” xalqaro turnirining ayollar kurashi bahslarida terma jamoamiz a’zosi sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Nufuzli musobaqaning ikkinchi kungi bellashuvlarida gilamga chiqqan terma jamoamiz a’zosi Aktenge Keunimjayeva “Ivan Yarygin Cup” xalqaro turnirining bronza medalini qo‘lga kiritdi.

-50 kilogramm vaznda kurash olib borgan Aktenge Keunimjayeva 3-o‘rin uchun kechgan murosasiz bellashuvda belaruslik Svetlana Katenkani mag‘lubiyatga uchratdi.
Ushbu vazn toifasida Shimoliy Koreya vakili Myong Gyong Von oltin, belaruslik Natalya Varakina kumush, rossiyalik Valeriya Tyukpiyekova va hamyurtimiz Aktenge Keunimjayeva bronza medallariga ega chiqdi.
Bugun, 31 yanvar kuni xalqaro turnir dasturidan o‘rin olgan bellashuvlarda terma jamoamiz a’zosi Sohibjamol Esbo‘sinova -53 kilogramm vazn toifasidagi bellashuvlarda gilamga chiqadi.
Musobaqalar 1 fevralga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA