Xorazmda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun yoshlar o‘rtasida kurash bo‘yicha Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan V Osiyo kubogi bellashuvlari o‘tkaziladi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi mazkur musobaqa joriy yilning 17-20-aprel kunlari Urganch shahrida "Yoshlik” sport majmuasida 7 ta vazn toifasida tashkil etilishini ma’lum qildi.

Unda o‘g‘il bolalar -55, -65, -77, +77 kilogramm vazn toifalarida bellashuvlarga kirishsa, qizlar -48, -57, +57 kg. vazn toifalarda kuch sinashadi.
Osiyo kubogi Nizomiga ko‘ra, har bir davlatdan bitta vaznda bir nafar sportchi ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Mezbon mamlakatga har vaznda ikki nafar sportchi bilan qatnashish huquqi taqdim etilgan.
Milliy sportimiz kurashni xalqaro miqyosda yanada ommalashtirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va qit’a darajasida raqobat muhitini kuchaytirishga qaratilgan mazkur kubok bellashuvlari ertangi kun chempionlari uchun muhim sinov va tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA