Ota-bobolarimizdan meros milliy sportimiz kurashning sport turi sifatida xalqaro maydonda mamlakatimiz mustaqilligi tufayli ommalashayotgani dunyoda O‘zbekistonning o‘z o‘rni va umumbashariy qadriyatlar maskani ekanligining yorqin tantanasidir.
Davlatimizning alohida e’tibori tufayli turli mamlakatlarda kurash bo‘yicha chempionatlar, turnirlar tashkil etilishi asnosida jozibali yakka kurash sport turini Olimpiya o‘yinlari tizimidan joy olinishi borasida keng qamrovli ishlar olib borilayotgani O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport hayotidagi misli ko‘rilmagan voqeliklar sirasiga kiradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Jahon sport oilasiga dzyudo, karate, sumo kabi sport turlarini taqdim etgan Yaponiya, Olimpiya o‘yinlari tizimiga kiritilgan taekvondoning taraqqiyoti borasida hali ham jon fidolik qilayotgan Janubiy Koreya kabi davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, sport turini xalqaro maydonga olib chiqish, uning taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy bo‘g‘inlardagi keng qirrali hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida kurash milliy sport turining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va xorijiy mamlakatlarda yanada keng targ‘ib qilish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangani natijasida olis Amerika-yu, Yevropa, Osiyo-yu Afrika qit’asining bir necha mamlakatlarida musobaqalar, seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinmoqda.

Joriy yilning 30 iyul-5 avgust kunlari Koreya Respublikasining Geosan shahrida kurash bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan Osiyo chempionati, shu kunlarda Dominikan Respublikasida o‘tgan Pan Amerika chempionati, Turkiyada Yevropa mamlakatlari vakillari ishtirokida tashkil etilayotgan turnir va seminarlar O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan kurash sport turining xalqaro rivojiga qaratilgandir.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 12-17 iyun kunlari Santo-Domingo shahrida zo‘r muvaffaqiyat bilan tashkil etilgan Pan-Amerika chempionati, murabbiylar va hakamlar uchun o‘tgan seminar mashg‘ulotlari janubiy Amerika mintaqasidagi 12 ta davlat vakillarini qamrab oldi. Bu, shuncha davlatda istiqomat qilayotgan ming-minglab sportsevar kishilar qalbiga kurash orqali o‘zbekona atamalar jo bo‘ldi, fikr-yodida serquyosh O‘zbekiston jamoli bir lahzaga bo‘lsa-da muhrlanganining dalolatidir.

Turkiya kurash federatsiyasi prezidenti Furkan Gyultashning so‘zlariga ko‘ra, shu kunlarda mamlakatda joriy yilning to‘rtinchi choragida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan jahon chempionatiga tayyorgarlik ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Bugungacha chempionatni o‘tkazish bilan bog‘liq dastlabki ishlar yakunlangan. Hozirda Yevropa va Osiyoni bog‘lab turgan Turkiyaning 40 ta shahar va maskanlarida hududiy kurash federatsiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, turli yosh toifalaridagi ichki chempionat va kubok musobaqalari ichki va Turkiya sport tizimi uchun ajratilgan mablag‘lardan, homiylik tizimlari orqali uyushtirib kelinmoqda. Ushbu musobaqalarning har birida 500-600 nafar kurashchi yoshlar qatnashmoqda. Endi, xushmanzara Turkiya shaharlarida O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi yashil va ko‘k yaktakli 500 nafardan ziyod yoshlarning saf totib turishini tasavvur eting, ko‘ngil yayraydi. Bu, mamlakatimiz faxri bo‘lgan bayrog‘imizning jahon uzra yanada yuksalishiga, tanilishiga mayoq emasmi?!

Bevosita Janubiy Koreyada o‘tishi kutilayotgan qit’a chempionati xususida so‘z yuritadigan bo‘lsak, tashkiliy qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bugungacha Osiyoning 25 ta mamlakatidan 600 nafardan ortiq ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 500 nafarini sportchilar tashkil etmoqda.
Chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Osiyo kurash konfederatsiyasi, Koreya Kurash federatsiyasi, Geosan shahri ma’muriyati hamkorligida tashkilotchilik ishlari amalga oshirilmoqda.
Bellashuvlarning nafaqat Koreya, balki jahon reytingidagi nufuzli universitetlardan biri Jungvon universitetida bunyod etilgan kichik Olimpiya shaharchasida tashkil etilishi, ishtirokchilar uchun olimpiya muhiti yaratilishi ko‘za tutilganligi kurashning to‘rt yillik o‘yinlar tizimidan joy olishiga ramziy ishora, go‘yo.

T.Ro‘ziyev, O‘zA