Jizzax viloyatida oliy ta’lim muassasalari talabalarining sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratib berilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi yil bayrami arafasida Jizzax politexnika institutida yakka kurash sport turlariga mo‘ljallab yangidan bunyod etilgan Kurash saroyi foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022 yil 14 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida dzyudoning olimpiya sport turi sifatida ommaviyligini oshirish maqsadida Jizzax politexnika institutida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
– Oliy o‘quv yurtida faoliyat olib borayotgan jismoniy tarbiya kafedrasi hamda “JizPI” sport klubi qoshida jami 15 ta, shu jumladan, shaxmat, yengil atletika va yakka kurash sport turlari to‘garaklarida talaba-yoshlar muntazam ravishda shug‘ullanib kelmoqda, – deydi Jizzax politexnika instituti Matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Jahongir Tulakov. – Shu paytga qadar professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar dzyudo, erkin kurash, milliy kurash, qo‘l-jangi, karate sport turlari bo‘yicha shartnoma asosida boshqa sport zallarida shug‘ullanib kelardi. Hozir esa talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan yangi kurash zali mavjud.
Kurash saroyining foydalanishga topshirilishi talaba-yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari