Xalqaro kurash assotsiatsiyasining 2026 yilgi rasmiy musobaqalar taqvim rejasiga binoan yetti yildan buyon milliy sportimiz bo‘yicha an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir endilikda yoshlar o‘rtasida Osiyo kubogi maqomida tashkil etiladi.
Mazkur nufuzli musobaqa taqvim rejaga binoan joriy yilning 17-20 aprel kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahrida bo‘lib o‘tadi.
Qit’aning turli davlatlaridan iqtidorli kurashchilar qatnashadigan musobaqada g‘oliblikka erishganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovriniga ega chiqadi.
Aytish lozim, Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir avvalgi yillarda Xorazmda, shuningdek, Eronning Esfarayen shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Shuningdek, 2026 yilda yana bir Osiyo ochiq kubogi bahslariga Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri mezbonlik qilishi belgilandi.
O‘zbekiston kurash federatsiyasi xabariga ko‘ra, joriy yilning 22-25 may kunlari kattalar o‘rtasida kechadigan mazkur musobaqa erkaklar va ayollar o‘rtasida 16 ta vazn toifasini qamrab oladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA