Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kurash: “Osiyo bolalari-2024” ishtirokchilarini ro‘yxatga olish boshlandi
09:47 / 2024-03-14

Xalqaro kurash assotsiatsiyasining 2024 yilgi taqvim rejasidan bir qator nufuzli musobaqalar o‘rin olgan bo‘lib, ular orasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Osiyo bolalari” o‘yinlari muhim o‘rin tutadi.

Ota-bobolarimizdan meros kurashni xalqaro maydonda ommalashtirish, uning nufuzini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori doirasida o‘tgan yillar davomida tizimli ishlar amalga oshirildi.  

Kurashning “kichik olimpiada” maqomidagi ushbu o‘yinlar dasturidan joy olgani ham milliy sportimizning xalqaro maydonda keng ommalashishi yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.  

Kuni kecha Xalqaro kurash assotsiatsiyasi joriy yilning 25-iyun - 7-iyul kunlari Rossiyaning Yakutsk shahrida o‘tadigan “8-Osiyo bolalari” xalqaro sport o‘yinlari dasturidagi kurash musobaqalari ishtirokchilarini ro‘yxatga olish ishlari boshlanganini e’lon qildi.  

Aytish lozim, bu galgi “Osiyo bolalari” o‘yinlari 24 ta sport turi bo‘yicha tashkil etilib, unda 224 ta medallar jamlanmasi uchun bahslar bo‘lib o‘tadi.  

Mazkur o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan kurash musobaqalari 9 ta vazn toifasida o‘tkaziladi. 14-15 yosh toifasidagi o‘g‘il bolalar 42, 50, 60, 71 va 83 kilogrammda, qiz bolalar 36, 44, 57 hamda +63 kilo og‘irlikdagi bellashuvlarda medallar uchun galamga chiqadi.  

“Osiyo bolalari” o‘yinlaridagi kurash bahslari 3-5-iyul kunlari Yakutskdagi “Elley Bootur” sport saroyida kechadi. Kurash musobaqalarida ishtirok etadigan davlatlarning sportchilarini ro‘yxatga olish ishlari shu yil 1-iyunga qadar davom etadi.  

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7-10-fevral kunlari Andijonda o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan O‘zbekiston chempionatida “Osiyo bolalari” sport o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan terma jamoaga nomzod sportchilar saralab olingan edi.  

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA