Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kurash mutaxassislarini tayyorlash masalasi muhokama qilindi
17:05 / 2024-01-18

Mamlakatimizda milliy sport turimiz kurash bo‘yicha pedagog kadrlarni tayyorlash, murabbiy va hakamlar, kurash mutaxassislarining malakasini oshirishga alohida e’tibor berib kelinmoqda.

Davlatimiz rahbarining kurash sport turini xalqaro maydonda yanada rivojlantirishga yetarli shart-sharoit yaratish to‘g‘ridagi qarorlari asosida o‘tgan davr mobaynida yurtimizda hamda bir qator xorijiy mamlakatlarda kurash bo‘yicha seminarlar, o‘quv-mashg‘ulotlar, treninglar tashkil etildi.  

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Xalqaro kurash instituti mutasaddilari va mutaxassislari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda mazkur harakatlarning huquqiy tamoyillarini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, chet ellik kurash mutaxassislarini seminar va o‘quv-mashg‘ulotlarga keng jalb etish, ularning kurash to‘g‘risidagi bilimlarini boyitish sport turining xalqaro maydondagi ommalashishiga xizmat qilishi bildirildi.  

Muloqot davomida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov hamda Xalqaro kurash instituti rektori Habibulla Tojiyev ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga binoan joriy yilning 27 yanvaridan kurash bo‘yicha xalqaro maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish, amaliy mashg‘ulot jarayonlariga tayyorgarlik holati borasida fikrlashildi.  

Suhbat asnosida kelgusida milliy sportimiz kurashning xalqaro nufuzini oshirish, bolalar va o‘smirlar uchun xorijiy tillarda metodik kurash qo‘llanmalarini yaratish, yirik kurash musobaqalarini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘tkazish orqali bo‘lajak kadrlarning murabbiylik, hakamlik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.  

 T. Ro‘ziyev, O‘zA