Bu haqda kuni kecha poytaxtimizda yakunlangan “Kurashda hakamlik standartlari” jahon sammitida e’lon qilindi.
Dunyoning turli davlatlaridan kurash mutaxassislari, hakamlar, murabbiylar ishtirokida ikki kun davom etgan sammitda hakamlik qoidalari va adolat mezonlari yuzasidan davra suhbati tashkil etildi.

Unda musobaqa jarayonida yuzaga keladigan bahsli holatlar aks etgan videolar namoyish etildi va ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Muhokamalar jarayonida baholash va ogohlantirish tizimidagi bir qator mezonlarga aniqlik kiritildi. Shuningdek, hakamlarni tayyorlash tizimi, imtihonlarni o‘tkazish tartibi va tashkiliy jihatlar ham ekspertlar tomonidan tahliliy ko‘rib chiqildi.
Anjuman yakunida “Kurash hakamligi standartlari bo‘yicha Toshkent sammiti tavsiyalari” qabul qilindi.

Tavsiyalar asosida kurash qoidalariga aniqlik kiritish va zarur o‘zgartishlarni amalga oshirish uchun takliflar tayyorlanib, Xalqaro kurash assotsiatsiyasining Kongressiga taqdim etiladigan bo‘ldi.
Anjumanda shuningdek, kurash musobaqalarida zamonaviy texnologiyalarni, xususan VAR tizimini joriy etish masalalarida so‘z yuritildi.
Muhokama va fikr-mulohazalar asosida sammitning tegishli qaror va tavsiyalari qabul qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA