Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kurash milliy sport turini rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
15:11 / 2025-10-15

Davlatimiz rahbarining “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori milliy iftixorimiz bo‘lgan ushbu sport turini xalqaro miqyosda yanada nufuzli darajaga olib chiqishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Qarorda kurashni rivojlantirish, uning ilmiy-uslubiy asoslarini takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Shuningdek, kurash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar, seminarlar tashkil etish va “Kurash Today” ilmiy-amaliy jurnalini chop etish orqali mazkur sohani tizimli qo‘llab-quvvatlash vazifasi ham yuklatilgan.

Mazkur ishlar doirasida Xalqaro kurash institutida kurash bo‘yicha xalqaro darajadagi malakali mutaxassislar, trenerlar va hakamlarni tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Kurash mutaxassisligi bo‘yicha uch oylik onlayn kursning 4-guruhi uchun bir haftalik intensiv amaliy mashg‘ulotlar va yakuniy imtihonlar yaqinlashmoqda. Shu munosabat bilan  Toshkent shahar Olimpiya shaharchasida joylashgan Xalqaro kurash institutining yangi binosida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda institutning professor-o‘qituvchilari, mas’ul xodimlar, shuningdek, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Bosh kotibi Rizo Nassiri va Assotsiatsiya Administratsiya rahbari Mansur Mirzayev ishtirok etdi.

Yig‘ilishda 23-29 oktyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan yakuniy amaliy bosqichga tayyorgarlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, sinov bosqichida ishtirokchilarning bilim va malaka darajasi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi hamda Xalqaro kurash institutining tajribali ekspertlaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholanishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda “Kurash Today” ilmiy-amaliy jurnali tahrir hay’ati a’zolarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu nashr milliy sportimiz bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar, uslubiy tahlillar va xalqaro tajribalarni yoritish orqali kurashni ilmiy jihatdan rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Mutasaddilar ta’kidlaganidek, jurnal nafaqat mutaxassislar, balki yosh sportchilar, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilik uchun amaliy qo‘llanma vazifasini bajaradi.

Ayni kunlarda poytaxtimizda Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qit’alaridan kurash mutaxassislari seminar va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun yetib kelmoqda. Jumladan, Saudiya Arabistoni, Eron, Hindiston kabi davlatlardan kelgan mutaxassislar Toshkentda bo‘lib o‘tadigan kursning yakuniy bosqichiga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bu ham O‘zbekistonning kurash sohasidagi nufuzi va tashabbuskorlik salohiyatining xalqaro miqyosda ortib borayotganidan dalolatdir.

Nigora Rahmonova, O‘zA