Milliy sportimiz kurash joriy yilning 7-21 noyabr kunlari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan “Islom birdamligi” o‘yinlari tizimidan joy oldi.
Mazkur muhim qaror ota-bobolarimizdan meros qadriyatimiz bo‘lgan kurashning sport turi sifatida Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA)ga a’zo mamlakatlar orasida yanada keng targ‘ib etilishi va uning xalqaro sport maydonidagi nufuzini oshirish yo‘lidagi navbatdagi ishonchli qadam bo‘ldi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, Ar-Riyodda o‘tadigan “Islom birdamligi” o‘yinlarining kurash musobaqalarida qatnashish Osiyo va Afrikadagi barcha milliy Kurash federatsiyalari uchun ochiq hisoblanadi.
“Islom birdamligi” o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra, har bir mamlakat delegatsiyasi musobaqalarda 2 nafar murabbiy, 2 nafar erkak va 2 nafar ayol kurashchidan iborat bo‘lishi belgilangan.
Kurash bellashuvlarida erkaklar -66 va -81 kilogramm, xotin-qiz kurashchilar -57 va -70 kilogramm vazn toifalarida g‘oliblik uchun gilamga chiqadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA