French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kurash haftaligi minglab yoshlarni sport maydoniga chorlamoqda
12:37 / 2021-12-16

Yuksak g‘alabalarga izlanish, mehnat, shijoat va albatta halollik tamoyillari orqali erishiladi. Ota-bobolarimizdan meros bo‘lgan kurashning xalqaro maydonda rivojini ta’minlash natijasida jonajon Vatanimizni, qadriyatlarimizni ulug‘lash mamlakatimiz sport siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilanganidek, asrlar davomida mardlik, bag‘rikenglik, olijanoblik va xalollikning timsoli sifatida e’zozlanib kelingan milliy sportimiz kurashni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan joriy yil 13-20 dekabr kunlari mamlakatimizda “Kurash haftaligi” e’lon qilindi. Joylarda haftalik doirasida kurash musobaqalari, seminarlar, uchrashuvlar tashkil etilishi belgilanganki, bu, xalqimiz orasida o‘z qadriyatlariga hurmat ruhini singdirish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish hamda kurash sporti bilan shug‘ullanuvchilar safini kengaytirishga qaratilgan.

E’tiborlisi, “Kurash haftaligi” doirasidagi bir qator sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

[photobank-75574]

Jumladan, shu kunlarda Toshkentdagi “Universal” sport majmuasida “Prokuratura polvoni” respublika turniri o‘tkazilmoqda. Unda prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar kurash bo‘yicha o‘z vaznlarida sovrinli o‘rinlar uchun bellashishadi.

Tadbir doirasida ertaga, 17 dekabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati, 18 dekabrda talabalar o‘rtasida xalqaro turnir, 19 dekabrda esa “O‘zbek polvoni” respublika turniri hamda 20 dekabrda klublar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston kurash federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu kurash musobaqalarining tizimli o‘tkazilishi natijasida mamlakatimizning ikki mingdan ziyod yoshlarini sport mashg‘ulotlari bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, dasturga asosan ushbu haftalik doirasida viloyat va shaharlarda ham turli kurash tadbirlari tashkil etiladi. Maqsad, milliy sportimizga qiziqishni oshirish, mahoratli sportchilarni aniqlash hamda kurashning jozibasini keng targ‘ib etish.
 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA