Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston kurash federatsiyasi rahbariyatining ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqoti o‘tkazildi.
Suhbat kuni kecha Fransiya poytaxti Parij shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan kurash bo‘yicha xalqaro turnir taassurotlariga bag‘ishlandi.
Ma’lumki, joriy yilning so‘nggi 3 oyida Yevropa davlatlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha qator turnirlar bo‘lib o‘tdi. May oyida Germaniyaning Frankfurt-Maye shahri mezbonlik qilgan xalqaro turnir erkaklar va ayollar o‘rtasida mutloq vazn toifasida o‘tkazildi. Turnirda Yevropa qit’asining 24 davlatidan kuchli polvonlar ishtirok etishi hamda 30 ga yaqin davlatdan kelgan sport mutasaddilarining bevosita kurash musobaqalarini kuzatib borishi haqiqatan ham Yevropa qit’asida o‘zbek sporti o‘z qaddini baland ko‘tara boshlaganidan dalolat berdi.
[gallery-8128]
28-29 may kunlari esa kurash musobaqasining navbatdagi nuqtasi Bolgariya davlati bo‘ldi. Yevropa janubida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tgan kurash bo‘yicha xalqaro turnirda 20 ga yaqin davlatdan saralangan sportchilar ishtirok etib, erkaklar 73 kg., 90 kg., +90 kg. vazn toifasida, qizlar esa 63 kg, +63 kg. vaznda o‘zaro bellashdi.
26 iyun kuni Turkiya davlatining Istanbul shahridagi “Turkish Word Cultural Quarter” madaniyat markazi haqiqiy ma’noda katta kurash bayramiga mezbonlik qildi. 16 davlatdan tashrif buyurgan alp polvonlar kurashini 10 mingga yaqin tomoshabin olqishlab turdi.
Orzular shahri sanalmish Parijdagi Eyfel minorasi poyida joylashgan “Yemil Yentoine” sport markazi 24 iyul kuni dunyoning 30 ga yaqin davlatidan tashrif buyurgan kurash polvonlarini o‘zida jamladi. Fransiya, Germaniya, Italiya, Gretsiya, Ruminiya, Bolgariya, Kipr, Litva, Mavritaniya, Kongo, Moldaviya, Turkiya, Makedoniya, Chernagoriya, Ukraina, Belgiya, Serbiya, Polsha, Latviya, Shveysariya, Qozog‘iston, Vengriya, Ispaniya, Slovakiya, Estoniya, Togo va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan hamda yurtimiz polvonlari mutloq vazn toifasida gilamga chiqdi.
Fransiya timsoli sanalgan Eyfel minorasi poyida o‘zbek nomi jaranglab, minglab turistlarni o‘ziga qaratdi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Turnir nafaqat milliy sportimiz targ‘iboti, balki yurtimiz turistik salohiyati va madaniyati namoyishida ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Ta’kidlash joiz, tadbir Fransiyaning bir qator ommaviy axborot vositalari, jumladan “La Gazette” va “Smartrezo” nashrlarida, dunyoning yetakchi telekanali “Euronews” da (10 ta tilda) 160 ta davlatga uzatildi hamda “Euronews” saytida yoritildi.
Muhammad AMIN (surat),O‘zA