Toshkent davlat transport universitetida Xalqaro kurash instituti, Sport vazirligi, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan uch oylik onlayn kursning yakuniy amaliy bosqichi o‘tkazildi.
Dastur doirasida milliy o‘yinlar, «Yuklama» guruhi texnikalari, kurash falsafasi va hakamlik qoidalari bo‘yicha amaliy va nazariy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professori, pedagogika fanlari doktori, “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi, milliy o‘yinlar bo‘yicha ko‘plab kitoblar muallifi Tal’at Usmonxo‘jayev kurash mashg‘ulotlarida milliy harakatli o‘yinlarning ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
Uning ta’kidlashicha, bu o‘yinlar yosh kurashchilarda tezkorlik, chaqqonlik va neyrodinamik qobiliyatlarni rivojlantirib, ularda tez fikrlash va nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish salohiyatini oshiradi. Mahorat darsida bo‘lajak murabbiylar professor rahbarligida milliy o‘yinlar asosidagi samarali mashqlarni amalda bajardi.

Shundan so‘ng dastur kurashning «Yuklama» guruhi texnikalarini o‘rganish va takomillashtirish bilan davom etdi. Bu mashg‘ulotlarni IKI ekspertlari: Ajmal Isxak Zai, Feruz Bobomurodov va Shuhrat Qurbonov olib bordi.
Kunning ikkinchi yarmida institut dotsenti, pedagogika fanlari doktori Feruz Bobomurodov “Kurash falsafasi” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Unda kurashning tarbiyaviy va axloqiy jihatlari, shuningdek, bu qimmatli an’analarning yosh sportchilarni yetuk shaxs sifatida shakllantirishdagi ahamiyati ta’kidlandi.
Dastur yakunida IKA Bosh kotibi Muhammad Rizo Nassiri, ekspertlar Ali Shaherkani, Kim Eurdjung va Hikmat Qurtov ishtirokida yagona xalqaro hakamlik qoidalari bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi. Treningda amaliy mashg‘ulotlar va video-tahlillar orqali bo‘lajak hakam va murabbiylarning malakasi yanada mustahkamlandi.
N.Rahmonova, O‘zA