Bugun, 21 iyul kuni Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasining onlayn yig‘ilishida yoshlar o‘rtasidagi joriy yilgi qit’a chempionati 4-8 sentyabr kunlari Tailandning Chonburi shahrida o‘tkazilishi e’lon qilindi.
Ma’lumki, Tailand xalqaro sport musobaqalarining o‘ziga xos markazlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat poytaxti Bangkok shahridan 70 km uzoqlikdagi Chonburida har yili juda ko‘plab sport turlaridan jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar o‘tkazilib kelinadi.
Osiyo Olimpiya kengashi tomonidan ham keyingi yilda Bangkok va Chonburi shaharlariga Yopiq inshootlar jang san’atlari bo‘yicha VI Osiyo o‘yinlari mezbonligi ishonib topshirilgan. Mazkur Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘zbek sporti kurash rasman o‘rin olgan.
Onlayn yig‘ilishda Osiyo-Okeaniya Kurash konfederatsiyasi milliy federatsiyalar tomonidan kelib tushgan murojaatlar hamda Tailand tomonidan taqdim qilingan reja asosida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini mazkur shaharda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ta’kidlandi.
Chempionatda qit’aning 20 yoshgacha bo‘lgan eng kuchli sportchilari ishtirok etadi.
Qit’a birinchiligi doirasida 1-2 yulduzli IKA hakamlari imtihonlari ham bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA