Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kurash boʻyicha ilk chempionlar aniqlandi
10:32 / 2019-01-24

Avval xabar berganimizdek, kurash boʻyicha 2019 yilgi mavsumning ilk musobaqasi, yaʼni Oʻzbekiston chempionati bahslari Navoiy shahridagi NKMK sport majmuasida boʻlib oʻtmoqda.


Avval xabar berganimizdek, kurash boʻyicha 2019 yilgi mavsumning ilk musobaqasi, yaʼni Oʻzbekiston chempionati bahslari Navoiy shahridagi NKMK sport majmuasida boʻlib oʻtmoqda. Musobaqaning ilk kunida erkaklar 60 hamda 66 kg.gacha, ayollar esa 48, 52 va 57 kg.gacha boʻlgan vazn toifalarida gilamga chiqishdi.

12.jpg

Kunning birinchi yarmida saralash bellashuvlari oʻtkazilgan boʻlsa, yarim final va final bahslari kechga tomon tashkil etildi. Bu esa avvalo tomoshabinlar uchun ayni muddao boʻldi, negaki tushgacha koʻpchilik oʻqish va ishda boʻlishadi, kechga tomon esa bemalol musobaqalarni tomosha qilish uchun kelishlari mumkin.

Bevosita bellashuvlarga kelsak, ayollar oʻrtasida 48 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida oltin medal qoraqalpogʻistonlik Gulnur Muratboyevaga nasib qildi. U final bahsida surxondaryolik Mohinur Moʻminovani magʻlubiyatga uchratdi. Lobar Xurramova hamda Mohinur Choriyevalar esa bronza medalini qoʻlga kiritishdi.

52 kg.gacha boʻlgan vazn toifasidagi ayollar oʻrtasida jahon chempioni, Osiyo oʻyinlari gʻolibasi Gulnor Sulaymonova yana bir bora mamlakatimizda tengsiz ekanligini isbotladi. Biroq, finalda unga qarshi bellashgan xorazmlik Sita Qadamboyeva ham osonlikcha taslim boʻlmadi. Ushbu vaznda shohsupaning uchinchi pogʻonasidan fargʻonalik Zarnigor Rahmiddinova hamda Surxondaryo viloyati vakili Muxlisa Muhammadiyevalar oʻrin olishdi.

Navbatdagi 57 kg.gacha boʻlgan vaznda gilamga chiqqan kurashchi qizlar orasida xorazmlik Shukurjon Aminova finalda Jizzax viloyati vakili Madina Ostonovani magʻlubiyatga uchratdi va uyiga oltin medal bilan qaytadigan boʻldi. Ushbu vaznda Mahliyo Yoʻldosheva va Mehribon Nuriddinovalar ham sovrindorlar qatoridan joy egallashdi.

Oʻzbekiston chempionatining erkaklar oʻrtasidagi bellashuvlari ham qiziqarli kechdi. 60 kg.gacha vazn toifasida toshkentlik Abror Jabborov yarim finalda Sirdaryo viloyati vakili Gʻofir Aktamovdan ustun keldi va finalga yoʻl oldi. Yarim finalning ikkinchi juftligida Andijon viloyati vakili Furqat Maʼrufjonov fargʻonalik Mirzohid Muhammadjonovni yengdi. Biroq, jarohati sabab finalda kurashishni istamadi va natijada oltin medal Abror Jabborovga nasib etdi.

66 kg.gacha ogʻirlikdagi polvonlar orasida xorazmlik Qobiljon Ahmedov oltin medalga sazovor boʻldi. Buxorolik Mirjon Toʻxtayev kumush, Toshkent shahri vakili Hamid Moʻminov va surxondaryolik Bahodir Boboyev esa shohsupaning uchinchi pogʻonasiga koʻtarilishdi.