Milliy sportimiz kurash bo‘yicha xalqaro sport maydonlarida o‘tkaziladigan nufuzli musobaqalar hamisha keng jamoatchilik e’tiborida bo‘lib kelgan.
Ortda qolayotgan 2025 yil davomida dunyoning turli mamlakatlarida tashkil etilgan ichki chempionat va birinchiliklar, xalqaro seminarlar, turnirlar qiziqarliligi bilan yodda qoldi. Ayniqsa, Yevropa mamlakatlarining ko‘plab shaharlarida uyushtirilgan turnirlar ko‘hna qit’ada kurash sportining jadal rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lmoqda.

Xo‘sh, kelgusi yili ko‘hna qit’ada milliy sportimiz bo‘yicha qanday musobaqalar tashkil etiladi? Yilning eng nufuzli musobaqalaridan biri – 2026 yilgi Yevropa chempionatiga qaysi davlat mezbonlik qiladi?
Kuni kecha Yevropa kurash konfederatsiyasi prezidenti Merabi Iliadis Ruminiya kurash federatsiyasi prezidenti Naim Belgin yetakchiligidagi mutaxassislar hamrohligida Ruminiyaning Konstansa shahri merasining sport bo‘limi boshlig‘i Mixayem Okiulet bilan ushbu masalani muhokama qildi.
Bildirilgan fikrlar, takliflar asosida kurash bo‘yicha 2026 yilgi Yevropa chempionati ushbu shaharda tashkil etish masalasida dastlabki kelishuvga erishildi.
Aytish lozim, Qora dengiz bo‘yida joylashgan ushbu kentda o‘tadigan madaniyat va sport festivali doirasida 2021 yildan an’anaviy kurash turniri katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazib kelinmoqda.
Kurash bo‘yicha kelgusi yilgi qit’a chempionatini yuqori saviyada tashkil etish, musobaqalarda ishtirok etadigan delegatsiyalarni kutib olish, sport majmualarni tayyorlash, ishtirokchilarning xavfsizligi kabi qator masalalar muhokamasi davomida musobaqalar orqali do‘stlik, hamjihatlik aloqalarini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA