Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan ushbu muammoning oldini olish va yoshlarni bunday zararli illatlardan saqlab qolish uchun tushuntirish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarining samaradorligini oshirishning ahamiyati yuqori ekanligi alohida ta’kidlandi.
Giyohvandlik va psixotrop moddalardan foydalanish nafaqat insonning jismoniy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki ruhiy salomatligi va ijtimoiy hayotida ham o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlarga olib keladi. Giyohvandlikka berilgan yoshlar o‘qish, ish va shaxsiy hayotda yuqori natijalarga erisha olmaydi. Oila a’zolari va do‘stlari bilan muloqotda muammolar yuzaga kelib, ijtimoiy izolyatsiyaga tushib qoladi.

Buning oldini olish uchun yoshlar o‘rtasida muntazam ravishda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etib, yoshlarga sog‘lom turmush tarzi va giyohvandlikdan saqlanish yo‘llari haqida ma’lumotlar berib borish muhim hisoblanadi. Jumladan, ota-onalar, pedagog xodimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorlikda ish olib borishi zarurligi, faqatgina birgalikdagi sa’y-harakatlar orqaligina yoshlarni giyohvandlik va psixotrop moddalardan himoya qilish, shuningdek, sog‘lom va yutuqlarga to‘la hayot yo‘lini ko‘rsatish mumkinligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, oila va jamiyatning rolini oshirish, qonunchilik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yoshlar uchun ruhiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya ishlarini yo‘lga qo‘yish giyohvandlik va psixotrop moddalarning yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri