English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kunlar soviy boshladi, ammo maktabda isitish tizimi kuz-qish mavsumiga tayyor emas
09:28 / 2020-11-14

Jizzax viloyati Paxtakor tumani “Buyuk ipak yo‘li” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi 11-umumta’lim maktabi tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan namunali ta’lim maskani sifatida ta’riflagani uchun ushbu maskan faoliyatini yoritish uchun bordik.

Lekin maktab kuz-qish mavsumiga mutlaqo tayyor emasligi bizni hayratlantirdi.

Sobiq tadbirkorlik va servis kasb-hunar kolleji binosi 2019 yildan buyon maktab ixtiyorida. 440 o‘ringa mo‘ljallangan dargohda 317 nafar yuqori sinf o‘quvchilari tahsil oladi. Ayni paytda o‘quvchilar sinfxonalar sovuqligi bois darsda qalin kiyimlar bilan o‘tirishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa ularning o‘qishi uchun noqulaylik tug‘diradi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Dilfuza Xayrqulovaning ta’kidlashicha, mavjud o‘quv muassasalariga kuz-qish mavsumi uchun 110 tonna ko‘mir, 300 tonna ko‘mir briketini jamlash rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar 360 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilgan. Bu albatta yaxshi. Ammo ko‘mirning sifati haqida esa hech kim bosh qotirmagan ko‘rinadi. Nega deysizmi? Chunki ushbu maktabga olib kelingan 55 tonna ko‘mirning 90 foizi sifatsiz ekanligiga guvoh bo‘ldik. Ammo maktab ma’muriyati bila turib sifatsiz ko‘mir yoqilg‘isini olishiga nima sabab bo‘lmoqda?

Qizig‘i maktab binosida mavjud 9 ta qozonxona gazga moslashtirilgan. Lekin gazning o‘zi yo‘q.

– O‘tgan yili 25 tonna ko‘mir yoqilg‘isini yoqqan bo‘lsakda, qozonxona gazga moslashtirilgani uchun yetarli issiqlik bermadi, - deydi 11-umumta’lim maktabi direktori Sabohat Rahmatova. – Oqibatda oltita sinfxonamizni isitish pechlari bilan isitib o‘qishni ikki smenada tashkil qilishga majbur bo‘ldik. Isitish tizimini ko‘mirga moslashtirib berilishini so‘rab o‘tgan yili ham, bu yil ham tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilganmiz, lekin natija bo‘lgani yo‘q. Yaqinda murojaatimiz bo‘yicha mas’ullar kelib, mablag‘ ajratilishi bilan qozonxonalarni ko‘mirga moslashtirib beramiz, deyishdi xolos. O‘zgarish bo‘lib qolar, degan umiddamiz.

Kuz ham oxirlab, qish eshik qoqmoqda. Isitish mavsumi uchun ajratilishi lozim bo‘lgan mablag‘dan esa darak yo‘q.

Mutasaddi tashkilot rahbarlari yuqorida keltirilgan muammoni tez kunda bartaraf etishiga biz ham umid qilamiz.

Jamshid YORBEKOV(surat), O‘zA